Amudaryo tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Maxsud Sherimbetovning aholiga murojaati
2026-07-08 16:15:00 / Yangiliklar

Hurmatli Amudaryo tumani aholisi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi "Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-12-son qaroriga asosan, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Natijada, joriy yilning 6 oyi davomida tumanda sodir etilgan jami jinoyatlarning 51 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Shundan:
badanga yengil tan jarohati yetkazish holatlari (6 tadan 3 taga) — 50 foizga;
firibgarlik jinoyatlari (3 tadan 2 taga) — 33,2 foizga;
o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisalari (13 tadan 10 taga) — 23,1 foizga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.
Biroq, tuman hududida:
o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari (3 tadan 5 taga) — 66,7 foizga;
badanga o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish holatlari (2 tadan 3 taga) — 50 foizga o‘tgan yilga nisbatan oshgan.
Shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar soni yildan yilga ortib bormoqda.
Joriy yilning 6 oyi davomida fuqarolardan kiberjinoyatlar yuzasidan jami 86 ta murojaat kelib tushgan.
Shundan:
71 ta holatda internet tarmoqlari orqali firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning pullari o‘zlashtirilgan;
7 ta holatda fuqarolarning bank kartalaridan pul mablag‘lari noqonuniy yechib olingan.
Hurmatli fuqarolar!
Sizlarni kiberjinoyatlardan ogoh qilish hamda firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishning oldini olish maqsadida quyidagilarga qat’iy amal qilishingizni so‘rayman:
"Kartangizni ijaraga olamiz, oyiga pul to‘lab beramiz" kabi takliflarga ishonmang;
"Aksiya bo‘lyapti", "Pul yutdingiz", "Sizga qimmatbaho sovg‘a yuborildi", "Yordam puli beriladi", "Pullaringizni ko‘paytirib beramiz" kabi va’dalarni berayotgan notanish shaxslarga ishonmang;
internet tarmoqlari orqali yuborilgan "Bu sizmisiz?", "Eski suratingizni topdik" mazmunidagi hamda turli virusli (APK) fayllarni ochmang;
rus tilida gaplashib, o‘zini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi yoki boshqa mutaxassis sifatida tanishtirgan notanish shaxslarga bank kartangiz raqami, amal qilish muddati, PIN-kodi, SMS-kod yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni bermang;
onlayn savdo reklamalari orqali buyurtma qilgan, ammo hali qo‘lingizga yetib kelmagan tovarlar uchun oldindan pul o‘tkazmang;
chet davlatlarda ishga joylashtirishni va’da qilayotgan shaxslarga ishonib, ularga oldindan pul yubormang.
Shuningdek, onlayn qimor o‘yinlari moliyaviy inqiroz va og‘ir oqibatlarga olib kelishini unutmasligimiz kerak.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar!
O‘g‘rilik jinoyatlarining oldini olish maqsadida sizlardan:
xonadon va savdo obyektlarini qo‘riqlash pultiga ulashingizni;
savdo obyektlari hududini tungi vaqtda yoritish moslamalari hamda videokuzatuv kameralari bilan jihozlashingizni;
chorva mollarini dala va yaylovlarda qarovsiz qoldirmasligingizni so‘raymiz.
Shuningdek, tumanimizda, ayniqsa, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari ko‘payib borayotganligi sababli barcha haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishni, belgilangan tezlik me’yoridan oshmaslikni va harakat davomida hushyor hamda mas’uliyatli bo‘lishni so‘rayman.
Hurmatli fuqarolar!
Agar huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etayotgan yoxud sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, mahallangiz profilaktika inspektoriga yoki 112, 61 515-35-02, 61 515-15-02 telefon raqamlari orqali zudlik bilan xabar berishingizni so‘raymiz.
Birgalikda harakat qilsak, mahallamiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlay olamiz!
