Amudaryoda media-tur davomida hududning ulkan salohiyati namoyon etildi
2026-06-08 18:30:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangi investitsion loyihalar hamda hududlarning ishlab chiqarish salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan Amudaryo tumaniga respublika miqyosidagi jurnalistlar, blogerlar, telekanallar muxbirlari va vaynerlar ishtirokida media-tur tashkil etildi.
Mazkur media-tur nafaqat tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish, balki hududning iqtisodiy imkoniyatlari, sanoat salohiyati va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarning amaliy natijalarini o‘rganish imkonini berdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini o‘zaro bog‘lab turgan Amudaryo ustidagi avtomobil hamda temir yo‘l ko‘prigiga tashrif buyurdilar. Ushbu muhim transport inshooti ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy va logistika aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jurnalist va blogerlar tomonidan ko‘prik hududida foto va videolavhalar tayyorlanib, uning transport tizimidagi o‘rni hamda hudud rivojiga qo‘shayotgan hissasi keng yoritildi.
Media-tur davomida vakillar Jayxun ovulida faoliyat yuritayotgan “Nukus-Dilisha” MCHJga qarashli un mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli mahsulotlar tayyorlanayotgani, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish orqali ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga munosib hissa qo‘shilayotgani ta’kidlandi. Bunday korxonalar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Media-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan manzillardan biri 13 million AQSH dollari mablag‘i evaziga bunyod etilgan “Mang‘it suv tozalash” inshooti bo‘ldi.
Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, mazkur yirik loyiha 2026-yil sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Inshootning asosiy maqsadi Amudaryo tumani aholisini sifatli va toza ichimlik suvi bilan ta’minlashdan iborat.
Loyihaning texnik imkoniyatlari ham e’tiborga molik:
• kuniga 40 ming kub metr ichimlik suvini tozalash quvvatiga ega;
• qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlangan;
• zamonaviy suv tozalash texnologiyalari bilan jihozlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha to‘liq ishga tushgach, tumanda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizga yetkaziladi. Bu esa minglab aholi xonadonlarining turmush sifatini yaxshilash, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yanada mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiladi.
Media-tur ishtirokchilari keyingi manzil sifatida Navoiy mahallasida joylashgan kichik sanoat zonasida bo‘ldilar. Bu yerda faoliyat yuritayotgan korxonalar hududning sanoat salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Xususan, “BOTIR XONQA” MCHJ tomonidan ichimlik suvi va sharbat qadoqlash idishlarini ishlab chiqarish korxonasi faoliyati o‘rganildi. Umumiy qiymati 2 milliard 632 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur loyiha natijasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Korxonada zamonaviy uskunalar yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozor talabini qondirish bilan birga, kelgusida eksport salohiyatini ham kengaytirishi kutilmoqda.
Media-tur davomida non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Ravshanbek Yulduzxon” MCHJ hamda sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kamron Gold Media” MCHJ faoliyati ham o‘rganildi.
Mazkur korxonalarda bugungi kunda 33 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va ilgari ishsiz bo‘lgan fuqarolar ham bor. Bu esa korxonalarning nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Korxonalarda 10 dan ortiq turdagi sifatli sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Har kuni 600 litrdan ortiq sut qayta ishlanib, iste’molchilarga yetkazib beriladi. Ayniqsa, mahsulotlarning tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shartnoma asosida yetkazib berilayotgani bolalarning sifatli va tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Media-tur davomida jurnalist va blogerlar Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Yangi sanoat korxonalari, zamonaviy infratuzilma obyektlari, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hududda izchil taraqqiyot jarayonlari davom etayotganini yaqqol namoyon etdi.
Bugungi Amudaryo — bu nafaqat qishloq xo‘jaligi hududi, balki zamonaviy ishlab chiqarish, investitsiyalar va yangi tashabbuslar markaziga aylanib borayotgan maskandir.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan har bir loyiha va bunyodkorlik ishlari inson manfaatlari, aholi farovonligi va hududning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.









