Amudaryo tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Maxsud Sherimbetovning aholiga murojaati
2026-06-06 18:40:00 / Yangiliklar

Hurmatli Amudaryo tumani aholisi!
Bugungi kunda kiberjinoyatchilik nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Internet va zamonaviy texnologiyalar hayotimizni yengillashtirayotgan bo‘lsa-da, ayrim shaxslar ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yilning o‘tgan 5 oyi davomida Amudaryo tumanida kiberjinoyatlar bilan bog‘liq 133 ta murojaat qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66 taga yoki 49,6 foizga oshgan. Yetkazilgan zarar miqdori 853 mln 568 ming sumni tashkil kilgan. Mazkur holat har bir fuqarodan yanada hushyor va mas’uliyatli bo‘lishni talab etmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning asosiy qismi fuqarolarni aldash va ishontirish orqali amalga oshirilmoqda.
Xususan, firibgarlar o‘zlarini bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki to‘lov tizimi mutaxassisi sifatida tanishtirib, bank kartasi ma’lumotlari va tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan zararli “APK” dasturlar ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bunday dasturlar telefonga o‘rnatilganidan keyin jinoyatchilar qurilma va bank ilovalari ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin.
Ayniqsa, keyingi vaqtlarda “investitsiya qiling”, “aksiya sotib oling”, “treyding orqali katta daromad toping” mazmunidagi takliflar bilan bog‘liq murojaatlar soni ortib bormoqda. Afsuski, tez va oson daromad ilinjida bo‘lgan ayrim fuqarolar o‘z mablag‘larini firibgarlarga topshirib qo‘ymoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Shuni unutmangki, kiberjinoyatchilar birinchi navbatda texnik imkoniyatdan emas, insonning ishonuvchanligidan foydalanadi.
Shu sababli quyidagi oddiy qoidalarga qat’iy amal qilishingizni so‘rayman:
- Telefonga faqat rasmiy manbalar orqali dasturlar o‘rnating;
- Noma’lum raqamlardan yuborilgan havola va APK fayllarni ochmang;
- Bank kartasi ma’lumotlari, parollar va SMS-kodlarni hech kimga bermang;
- Bank nomidan qo‘ng‘iroq qilinganda shoshilmang, ma’lumotni rasmiy raqamlar orqali tekshiring;
- Yuqori foyda va’da qiluvchi investitsiya va treyding loyihalariga ehtiyotkorlik bilan yondashing;
- Internet orqali savdo qilganda sotuvchining ishonchliligini tekshirmasdan mablag‘ o‘tkazmang.
Hurmatli fuqarolar!
Kiberxavfsizlik har birimizning kundalik hayotimizdagi muhim masalaga aylandi. Bir daqiqalik ehtiyotsizlik oylar davomida yig‘ilgan mablag‘lardan ayrilishga sabab bo‘lishi mumkin.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurash — barchamizning umumiy vazifamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
