Amudaryo tumani hokimi “Tosh yop” OFYda sayyor qabul o‘tkazdi
2026-06-06 15:50:00 / Yangiliklar

Xalq bilan muloqot – muammolar yechimining eng samarali yo‘li. Bugungi kunda joylarda aholi murojaatlarini o‘rganish, fuqarolarni qiynayotgan masalalarga o‘z vaqtida yechim topish hamda hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov tomonidan mahallalarda muntazam ravishda sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqotlar olib borilmoqda.
2026-yil 4-iyun kuni tuman hokimining navbatdagi sayyor qabuli “Tosh yop” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi, hokim o‘rinbosarlari, tegishli bo‘lim va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari, tadbirkorlar hamda fuqarolar ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida aholi vakillarining turmush farovonligini oshirish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan murojaatlari tinglandi. Har bir masala yuzasidan fuqarolar bilan ochiq muloqot qilinib, murojaatlarning mazmun-mohiyati atroflicha o‘rganildi.
Qabul jarayonida jami 8 nafar fuqaro tomonidan 9 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning asosiy qismi aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy yordam masalalariga oid bo‘ldi.
Jumladan, fuqarolar tomonidan asbob-uskunalar xarid qilish uchun imtiyozli kredit ajratish, ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish maqsadida moliyaviy ko‘mak berish yuzasidan murojaatlar bildirildi. Ushbu masalalar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanish va murojaatchilarga amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga oid qator taklif va murojaatlar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “Oq oltin – Tosh yop” yo‘lini ta’mirlashda amaliy yordam berish, yangidan qurilayotgan piyodalar yo‘lakchasiga tungi yoritgich chiroqlar o‘rnatish, ariq va kollektorlar ustidan piyodalar xavfsiz harakatlanishi uchun ko‘prik qurish kabi masalalar muhokama qilindi. Mazkur murojaatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga joyiga chiqqan holda o‘rganish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Qabul davomida ekologik holatni yaxshilash va obodonlashtirish bilan bog‘liq murojaatlar ham ko‘tarildi. Jumladan, xavf tug‘dirayotgan qurigan daraxtlarni kesish uchun ruxsat berish masalasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va sport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. “Tashabbusli sport” loyihasida g‘olib bo‘lgan fuqarolar qurilish ishlarini jadallashtirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar. Mazkur masala bo‘yicha mutasaddilarga loyihaning belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham murojaat kelib tushdi. Xususan, yangidan o‘rnatilgan transformator tarmog‘iga ulanishda amaliy yordam so‘ralib, ushbu masala elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganilishi va qonunchilik doirasida hal etilishi belgilandi.
Sayyor qabul yakunida tuman hokimi tomonidan barcha murojaatlar alohida nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









