ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR — YUQORI HOSIL VA SAMARADORLIK GAROVI
2026-06-01 17:15:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, hosildorlikni oshirish hamda fermerlar uchun qulay va samarali ish usullarini ommalashtirishga qaratilgan amaliy seminarlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Choyko‘l ovulidagi “Choyko‘l–Do‘stlik” fermer xo‘jaligi paxta maydonida bo‘lib o‘tdi.
Go‘za parvarishi va zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishga bag‘ishlangan ushbu seminarda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda agronomlar ishtirok etdilar.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llash davr talabi bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, paxtachilik tarmog‘ida zamonaviy texnikalardan foydalanish mehnat unumdorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va hosildorlikni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Seminar davomida ana shunday ilg‘or yechimlardan biri bo‘lgan DJI Agras T100 dronlari yordamida g‘o‘za barglarini oziqlantirish ishlari amaliy tarzda namoyish etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu zamonaviy qurilmalar qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. DJI Agras T100 dronlari yuqori aniqlikda ishlashi, dori vositalarini teng va sifatli purkashi hamda katta maydonlarni qisqa vaqt ichida qamrab olishi bilan ajralib turadi.
Seminar ishtirokchilariga dronlarning texnik imkoniyatlari va amaliy afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, paxta maydonlarida odatda gektariga 10–15 litr ishchi eritma sarflanishi hisobga olinsa, 100 litr sig‘imli bitta to‘ldirish bilan o‘rtacha 6–10 gektar maydonga ishlov berish mumkinligi qayd etildi. Bu esa qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlarni bajarish imkonini yaratadi.
Shuningdek, DJI Agras T100 dronlarining kunlik ish unumdorligi ham e’tiborga molik. Ish sharoiti, logistika va texnik ta’minotga qarab, bir soat davomida 15–25 gektar maydonga ishlov berish mumkin. Kun davomida esa 120–200 gektar, yaxshi tashkil etilgan sharoitlarda esa 200 gektardan ortiq maydonni qamrab olish imkoniyati mavjud.
Mutaxassislar tomonidan ta’kidlanganidek, ushbu texnologiyaning eng muhim afzalliklaridan biri iqtisodiy samaradorlikdir. Dori vositalari sarfi 20–30 foizgacha qisqaradi, suv resurslari sezilarli darajada tejaladi. Traktor va boshqa an’anaviy texnikalarga nisbatan yoqilg‘i xarajatlari deyarli talab etilmaydi. Bu esa fermer xo‘jaliklari uchun xarajatlarni kamaytirib, iqtisodiy foydani oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat — vaqt tejalishidir. Odatda bir necha kun talab qiladigan ishlarni dronlar yordamida bir kunning o‘zida bajarish mumkin. Zamonaviy radar va sensorlar bilan jihozlangan ushbu qurilmalar kechki va tungi vaqtlarda ham samarali ishlash imkoniyatiga ega.
Dron texnologiyalarining hosildorlikka ta’siri ham yuqori baholanmoqda. Preparatlar ekin maydoniga bir xil taqsimlanishi natijasida o‘simliklarning oziqlanishi yaxshilanadi, barglarning pastki qismigacha yetib boradigan purkash tizimi esa biologik va kimyoviy vositalarning samaradorligini oshiradi. Eng muhimi, texnika dalaga kirmagani sababli tuproq zichlashmaydi, g‘o‘za ildiz tizimi zarar ko‘rmaydi.
Seminar davomida mehnat unumdorligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Dronlarni boshqarish uchun atigi bir yoki ikki nafar operator yetarli bo‘lib, og‘ir qo‘l mehnati sezilarli darajada kamayadi. Qurilmalar maydonlarga yuqori aniqlikda ishlov beradi, qayta sepish yoki ayrim hududlarni qoldirib ketish holatlarining oldini oladi.
Tadbir yakunida soha mutaxassislari va fermerlar zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish qishloq xo‘jaligi samaradorligini yanada oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda mo‘l hosil yetishtirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladilar.









