1-IYUN – BOLALAR QUVONCHI, KELAJAKKA E’TIBOR VA EZGULIK BAYRAMI
2026-06-01 14:10:00 / Yangiliklar

Farzandlar kulgisi yangragan, bolalari baxtli bo‘lgan yurtning ertasi ham yorug‘ bo‘ladi. Bolalar – hayotimiz mazmuni, oilalarimiz quvonchi, jamiyatimizning eng katta boyligi va Vatanimiz kelajagidir. Har yili dunyo hamjamiyati tomonidan keng nishonlanadigan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ham ana shu ezgu qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan, mehr-muruvvat, g‘amxo‘rlik va e’tibor bayrami sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sana munosabati bilan Amudaryo tumanida ham ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat hukm surdi. Tuman Istirohat bog‘ida tashkil etilgan katta bayram tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch ulashib, ularning qalbida yorqin taassurotlar qoldirdi. Bayram tadbiri tashkil etilgan maskan ertalabdan bolalarning shodon kulgisi, rang-barang bezaklar va quvnoq kuy-qo‘shiqlar sadolari bilan yanada fayzli tus oldi.
Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarlari Nodirbek Kamolov hamda Go‘zal Saburova ishtirok etib, barcha bolajonlarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladilar. Hokim o‘rinbosarlari o‘z tabrik so‘zlarida mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, farzandlarimizning baxtli bolaligi va porloq kelajagini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etib, yosh avlod vakillariga ezgu tilaklarini bildirdilar.
Bayram tadbiri doirasida farzandlarimizning san’at, madaniyat, sport yo‘nalishlaridagi iste’dodlarini yuzaga chiqarib kelayotgan to‘garaklar mas’ullari, tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining fidoyi jamoalari mehnati alohida e’tirof etildi. Yosh avlodni bilimli, ma’naviy yetuk va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat olib borayotgan pedagog va tarbiyachilar munosib rag‘batlantirildi. Ularga tashakkurnomalar topshirilib, bolalar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirildi. Bu e’tirof ta’lim-tarbiya, sport, madaniyat va san’at sohasi fidoyilarining sharafli mehnatiga berilgan yuksak baho namunasi bo‘ldi.
Bayram dasturi davomida bolalar uchun turli madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. Iqtidorli yoshlar hamda san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, jo‘shqin raqslar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, bolalarning o‘zlari tomonidan namoyish etilgan ijodiy chiqishlar tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, sport musobaqalari, qiziqarli viktorinalar, rasm chizish va ijodiy tanlovlar bolalarning faol ishtirokida o‘tkazildi. Har bir maydonda bolalar quvonchi, ularning beg‘ubor kulgisi va cheksiz hayajoni bayramning eng go‘zal bezagiga aylandi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nafaqat bolalarga quvonch ulashish, balki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom va baxtli hayot kechirishlari uchun yaratilayotgan sharoitlarni yana bir bor e’tirof etish kunidir. Bu sana har bir ota-ona, pedagog va keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, farzandlar tarbiyasiga qaratilgan e’tibor – jamiyat taraqqiyoti va kelajak ravnaqiga qaratilgan eng muhim sarmoyadir.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda bolalar manfaatlarini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish, zamonaviy ta’lim va tarbiya olishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni bugungi baxtli bolalik va sifatli ta’lim bilan chambarchas bog‘liqdir.
Tumanimizda tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lib, bolajonlarga unutilmas lahzalar, quvonch va xursandchilik ulashdi. Bayram yakunida esa barcha ishtirokchilar qalbida bitta ezgu tilak yangradi: yurtimiz osmonida bolalar kulgisi hech qachon so‘nmasin, ularning baxtli va beg‘ubor bolaligi doimo himoyada bo‘lsin. Zero, bolaga e’tibor — kelajakka e’tibor, farzand baxti esa jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonidir.









