Ajdodlar xotirasiga ehtirom — milliy qadriyatlarimizning yuksak namunasi
2026-05-18 17:00:00 / Yangiliklar

Xalqimiz azal-azaldan ota-bobolar xotirasini ulug‘lashni, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod saqlashni eng ezgu va savobli amallardan biri deb bilib keladi. Ayniqsa, muborak Qurbon Hayiti arafasida amalga oshiriladigan xayriya va obodonlashtirish ishlari inson qalbidagi mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik fazilatlarini yanada mustahkamlaydi.
Ana shunday ezgu an’analarning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 17-may kuni Amudaryo tumani To‘lqin OFY hududida joylashgan “Qo‘lbergan bobo” qabristonida keng ko‘lamli hashar ishlari tashkil etildi. Tadbirda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etib, muqaddas maskanni obod etish yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qildilar.
Hashar davomida qabriston hududi begona o‘t-o‘lanlardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirildi, daraxtlarga oqlov berildi, atrof-muhit obodonlashtirildi. Ishtirokchilarning fidokorona mehnati natijasida maskan yanada fayzli va saranjom holatga keltirildi. Ayniqsa, nuroniylarning yoshlar bilan yelkama-yelka mehnat qilgani tadbirga o‘zgacha ma’naviy ruh bag‘ishladi.
Darhaqiqat, qabristonlarni obod saqlash — bu shunchaki hashar yoki tozalash ishlari emas. Bu avvalo ajdodlar ruhiga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir. Inson o‘z o‘tmishini, ildizlarini va ota-bobolari merosini qadrlagan holdagina ma’naviy barkamollikka erishadi. Shu bois xalqimizda “O‘lik rozi — tirik rozi” degan hikmat bejiz aytilmagan.
Tadbir davomida nuroniylar tomonidan yosh avlodga milliy qadriyatlar, mahalla birdamligi, kattalarga hurmat va muqaddas maskanlarni asrab-avaylash borasida samimiy suhbat va nasihatlar qilindi. Bu esa yoshlarning qalbida tarixiy xotira va ajdodlar merosiga nisbatan yanada chuqur hurmat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda yurtimizda mahallalarni obod qilish, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni tartibli saqlash, aholi o‘rtasida hamjihatlik muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki obod maskan — xalqning ma’naviy madaniyati va yuksak tafakkuridan darak beradi. Ayniqsa, bunday ezgu tadbirlarda yoshlarning faol qatnashayotgani milliy qadriyatlarimizning bardavomligini ko‘rsatadi.
Hashar davomida hukm surgan samimiy muhit, o‘zaro ahillik va birdamlik barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Mahalla ahli birgalikda qilgan savobli ishlari orqali nafaqat muqaddas maskanni obod etdilar, balki insoniylik, mehr-oqibat kabi yuksak fazilatlarni yana bir bor namoyon etdilar.
Qurbon Hayiti arafasida tashkil etilgan ushbu xayrli tadbir barchaga bir haqiqatni yana bir bor eslatdi: ajdodlar xotirasiga hurmat — bu millatning ma’naviy kuchi va qadriyatlariga bo‘lgan sadoqatidir. Muqaddas qadamjolarni obod saqlash, ularga ehtirom ko‘rsatish esa har bir insonning ma’naviy burchidir.
Ezgu amallar davomli, mahallalarimiz obod, yurtimiz tinch va fayzli bo‘lsin!
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari









