Yangi farmonlar qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda
2026-05-14 10:50:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi majlislar zalida tashkil etilgan ushbu ochiq muloqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan PF–82-sonli hamda lalmi va yaylov yerlaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha PF–83-sonli Farmonlari mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga bag‘ishlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbayev ishtirok etib, fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan yaratilayotgan yangi moliyaviy imkoniyatlar hamda fermerlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yangi farmonlar qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga berilayotgan moliyaviy imtiyozlar fermerlarning manfaatdorligini yanada kuchaytirishi qayd etildi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan imtiyozli kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Xususan, paxta yetishtirish uchun ajratilgan kreditlarni belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga foiz to‘lovining 2,5 foizlik punkti, yil yakunigacha to‘liq qaytarganlarga esa 5 foizlik punkti qoplab beriladi. Bug‘doy yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni 1-avgustga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklar uchun esa foiz to‘lovining 4 foizlik punkti kompensatsiya qilinadi.
Bu esa, avvalo, fermerlarning kredit yukini kamaytirish, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda yangi mavsumga yanada puxta tayyorgarlik ko‘rishiga zamin yaratadi.
Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari va ip-kalava ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham alohida yengilliklar nazarda tutilgan. Endilikda paxta xomashyosini xarid qilish uchun ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foizlarning bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Bu esa ishlab chiqarish zanjirida uzluksizlikni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda dizel yoqilg‘isi xarajatlarini kamaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu imkoniyat qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish, mavsumiy ishlarni o‘z vaqtida bajarish va ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida lalmi va yaylov yerlaridan samarali foydalanishning yangi tartiblari ham batafsil tushuntirildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu yer maydonlarini iqtisodiy aylanishga kiritish, chorvachilik va yem-xashak bazasini mustahkamlash, suv tanqisligi sharoitida samarali agrotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, kredit olish, subsidiya ajratish, yer maydonlaridan foydalanish hamda hosilni realizatsiya qilish masalalarida mutasaddilardan batafsil javob oldilar. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv soha vakillari uchun muhim axborot va tajriba almashuv maydoniga aylandi.
Ta’kidlash joizki, mazkur farmonlar nafaqat fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.






