“Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida sport marafoni tashkil etildi
2026-05-08 17:55:00 / Yangiliklar

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni sportga jalb etish hamda giyohvandlik kabi salbiy illatlarning oldini olish maqsadida Amudaryo tumanida “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida velomarafon va yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, ushbu sport tadbiri yurtimizda keng nishonlanayotgan “9 may — Xotira va qadrlash kuni” bayramiga bag‘ishlanib, vatanparvarlik, jasorat va matonat g‘oyalarini targ‘ib etishga xizmat qildi.
Marafonda tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov ishtirok etib, bugungi kunda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni sport va jismoniy faollikka jalb qilish har birimizning muhim vazifamiz ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u yosh avlodni zararli odatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlash mumkinligini qayd etdi.
Tadbir davomida sportsevar yoshlar va yurtdoshlarimiz yuqori kayfiyatda faol ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi va sportga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdilar.
Marafon yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda faol qatnashgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Bunday sport tadbirlari yoshlarni sog‘lom hayot sari chorlab, jamiyatimizda birlik, hamjihatlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.







