“DXX kubogi” doirasida mini futbol bahslari bo‘lib o‘tdi
2026-04-28 17:10:00 / Yangiliklar

Jamiyatning har tomonlama taraqqiy etishi, avvalo, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois bugungi kunda yurtimizda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zero, sport — bu nafaqat jismoniy chiniqish, balki iroda, matonat, intizom va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim hayot maktabidir.
Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Amudaryo tumanida yoshlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “DXX kubogi” sport musobaqalari bu yil ham yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur musobaqa allaqachon yoshlar hayotida muhim sport an’anasiga aylanib ulgurgan bo‘lib, har yili tobora keng qamrov kasb etib, yoshlarning qalbida sportga bo‘lgan mehr va qiziqishni yanada kuchaytirmoqda.
Tuman bo‘ylab 49 ta ovul va mahallalardan yuzlab yoshlar ushbu musobaqalarda faol ishtirok etib, turli sport yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashmoqdalar. Bu jarayon nafaqat sport bellashuvi, balki do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitining yorqin ifodasiga aylandi. Mini futbol bo‘yicha final bosqichi keskin va murosasiz bahslar ostida o‘tdi. Har bir uchrashuvda jamoalarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, o‘z hududi sha’nini munosib himoya qilishga bo‘lgan qat’iyati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qilichboy OFY jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Oybek MFY jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Bo‘ston MFY jamoasi 3-o‘rin bilan musobaqani yakunladi. G‘olib va sovrindor jamoalar o‘zlarining jamoaviy uyg‘unligi, mahorati va sportga bo‘lgan sadoqati bilan barchaga o‘rnak bo‘ldilar.
Final uchrashuvlarini tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligidagi rahbarlar ham bevosita kuzatib bordilar. Bu esa yurtimizda sportga, ayniqsa yoshlar sportiga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Musobaqalar yakunida tantanali taqdirlash marosimi tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov yoshlarning ushbu bellashuvlarga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga ortib borayotganini alohida ta’kidlab, sport musobaqalari yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi. U o‘z nutqida amudaryolik yoshlar respublika miqyosida ham eng faol va ilg‘or ishtirokchilar safidan joy olayotganini faxr bilan tilga olib, ularga bu yilgi musobaqalarda ham omad va zafarlar tiladi. Shuningdek, yoshlarimizning O‘zbekiston bosqichida ham munosib ishtirok etib, chempionlikni qo‘lga kiritishlariga ishonch bildirdi.
Ta’kidlanganidek, amudaryolik o‘smir yigit-qizlarimiz “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarida Qoraqalpog‘iston miqyosida bir necha bor chempionlikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Bu esa hududda sportni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan izchil ishlarning amaliy natijasidir.
Bunday musobaqalar nafaqat sport maydonidagi bellashuv, balki yoshlar uchun katta hayot maktabidir. Ular orqali yosh avlod qalbida sog‘lom turmush tarzi, yuksak maqsadlar sari intilish, jamoaviylik va fidoyilik kabi fazilatlar shakllanadi. Shu bois, “DXX kubogi” kabi nufuzli musobaqalar yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim o‘rin tutib kelmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.







