Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashi 7-chaqiriq 20-sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-04-28 17:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 28-aprel kuni Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining yettinchi chaqiriq navbatdagi 20-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, ekspert guruhi a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Sessiya ishini Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Alisher Yo‘ldashev ochib berdi va olib bordi. Sessiya O‘zbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari sadolari ostida boshlandi. Sessiya kotibligiga “1-Navoiy” saylov okrugidan deputat Gulshod Yusupova nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Kun tartibidagi dastlabki masalalar yuzasidan tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hisobot berdi. Unda tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb yo‘nalishlari, xususan budjet daromadlari bazasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi.
Qayd etilishicha, 2026-yilda tumanda jami 545 mlrd so‘mlik 26 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada 1115 ta yangi ish o‘rni yaratilishi hamda 26,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Sohalar kesimida: sanoat sohasida 95 mlrd so‘mlik 8 ta loyiha va 142 ta ish o‘rni, xizmat ko‘rsatish sohasida 449 mlrd so‘mlik 17 ta loyiha va 968 ta ish o‘rni, qishloq xo‘jaligida 540 mln so‘mlik 1 ta loyiha va 5 ta ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kunda qiymati 9,3 mlrd so‘mlik 3 ta loyiha ishga tushirilib, 23 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2026-yil uchun 18,6 mln dollar reja belgilangan bo‘lib, joriy yil yanvar–mart oylarida rejalashtirilgan 2 mln 549 ming dollar o‘rniga amalda 5 mln 846 ming dollarlik mahsulot eksport qilinib, reja 229 foizga bajarilgan.
2026-yilda tumanga 30,8 mln dollar investitsiya jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 25 mln dollari xorijiy investitsiya va kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilning birinchi choragida 610 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 830 ta ish o‘rni yaratilgan va reja 136,1 foizga bajarilgan.
Mahalliy budjet tushumlari bo‘yicha 32,2 mlrd so‘m reja o‘rniga 36,7 mlrd so‘m tushum ta’minlanib, reja 113,8 foizga bajarilgan.
Joriy yilda barcha davlat dasturlari doirasida jami 92 ta obyekt bo‘yicha 240,6 mlrd so‘mlik qurilish ishlari olib borilishi belgilangan. Jumladan, investitsiya dasturi (PQ-393) doirasida 10 ta obyekt — 74,8 mlrd so‘m, “Tashabbusli budjet” doirasida 12 ta obyekt — 19,7 mlrd so‘m, OPEK dasturi doirasida 29 ta obyekt — 100,7 mlrd so‘m, PQ-248 asosida 3 ta obyekt — 11,3 mlrd so‘m, “Yangi O‘zbekiston” mahallalari (PQ-298) doirasida 16 ta obyekt — 10 mlrd so‘m, “Og‘ir mahalla” (PQ-49) loyihasi doirasida 22 ta obyekt — 24 mlrd so‘m mablag‘lar evaziga qurilish ishlari olib borilishi rejlashtirilgan.
Hozirda 24 ta obyekt bo‘yicha qurilish ishlari olib borilmoqda, 6 ta obyekt foydalanishga topshirilgan, qolganlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
2025-yilda tumanga jami 3837 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 2448 tasi (63,8%) ijobiy hal etilgan. Jumladan, 1116 tasi huquqiy tushuntirish orqali hal etilgan, 1 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan, 184 tasiga tushuntirish berilgan, 35 tasi rad etilgan, 19 tasi ko‘rib chiqilmagan, 32 tasi tugatilgan, 2 tasi ma’lumot uchun qabul qilingan.
2026-yil 28-mart holatiga 835 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 304 tasi (50,84%) ijobiy hal etilgan. 240 tasi huquqiy tushuntirish asosida hal qilingan, 8 tasi nazoratga olingan, 29 tasiga tushuntirish berilgan, 10 tasi rad etilgan, 3 tasi ko‘rib chiqilmagan, 4 tasi tugatilgan.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov hisobot berdi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga aniqlangan erkin qoldiq mablag‘lar hisobidan jami 2 mlrd 572 mln 660 ming so‘m mablag‘ ajratish taklif etildi.
Mazkur mablag‘lar, “Namunaviy xavfsiz ko‘cha” loyihasi, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun maktab formasi, “DXX raisi kubogi” musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash, 56-maktabdagi “Jasorat maktabi”ni jihozlash, Farovon MFYda jarima maydonchasi qurish, “Qaldirg‘och” bolalar oromgohi, Qipchoq MFYda infratuzilmani yaxshilash ishlari uchun yo‘naltiriladi.
Tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sharapat Joldasbayev hisobotiga ko‘ra, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida voyaga yetmaganlar o‘rtasida 88 ta, xotin-qizlar o‘rtasida 64 ta, tarbiyasi og‘ir yoshlar o‘rtasida 115 ta, probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida 44 ta tadbir o‘tkazilgan.
483 nafar ota-onaga nisbatan choralar ko‘rilgan, 52 nafar yosh bilan individual ishlangan. 24 ta jinoyat muhokama qilingan, 50 ta muammoli oiladan 24 tasi yarashtirilgan. 333 nafar ayolga himoya orderi berilgan, 10 nafar fuqaro javobgarlikka tortilgan. 41 ta mahalla “yashil”, 8 tasi “sariq” toifaga kiritilgan, “qizil” mahallalar mavjud emas.
O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Alisher Yuldashev hisobotida 1-chorak davomida infratuzilma ishlari amalga oshirilgani, 300 metr piyodalar yo‘laklari qurilgani, yoritish tizimlari o‘rnatilgani qayd etildi.
“Yashil makon” doirasida 120 mingdan ortiq ko‘chat ekilgan, 20 ming dona mevali ko‘chat aholiga tarqatilgan. 8 ta oilaga quyosh panellari uchun 176 mln so‘m yordam ko‘rsatilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Raximovning hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 1-chorakda 11,3 mlrd so‘m reja o‘rniga 12,6 mlrd so‘m tushum ta’minlanib, reja 111,9 foizga bajarilgan. O‘tgan yilga nisbatan tushumlar 121,3 foizga oshgan.
Sessiya majlisida tumandagi ijro etuvchi hokimiyat organlarida ijro intizomining holati to‘g‘risida tuman hokimligi ijro intizomi nazorati bo‘linmasi bosh mutaxassisi Ma’murjon Tadjiboyev axborot berdi. Ta’kidlanganidek, 2026 yilning 1-choragi davomida ijro intizomini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, hisobot davrida tuman hokimligiga 5 ta Prezident farmoni, 19 ta qaror, 1 ta farmoyish hamda Vazirlar Mahkamasining 7 ta qaror va farmoyishlari asosida tayyorlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining jami 32 ta normativ tusdagi hujjatlari kelib tushgan. Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimining 18 ta qarori qabul qilinib, aniq chora-tadbirlar belgilangan. Qolgan 14 ta hujjat esa tuman miqyosida alohida vazifalarni talab etmaganligi sababli ma’lumot va ijro uchun qabul qilingan.
Shundan so‘ng sessiya kun tartibidagi Amudaryo tumani bo‘yicha 2026-yil vegetatsiya davri uchun suv olish limitlarini tasdiqlash hamda suv bilan barqaror ta’minlangan va ta’minlanmagan hududlarda joylashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari ro‘yxatini tasdiqlash masalalari yuzasidan tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori Baxtiyor Davekov hisobot berdi. Hisobotga ko‘ra, 2026-yilda tumanda jami 1725 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, 500 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 575 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 70 gektarda diskret tizimida sug‘orish, 340 gektarda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish hamda 240 gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Sessiyada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Amudaryo tuman bo‘limi faoliyati yuzasidan davlat inspektori Sarvar Qo‘chqorov ham hisobot berdi. Unda qayd etilishicha, “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida 2025-yil kuz mavsumida belgilangan 820 ming dona daraxt ko‘chatiga nisbatan amalda 827 ming 347 dona ko‘chat ekilib, reja 100,9 foizga bajarilgan. ko‘chat ekilgan. Ijtimoiy soha obyektlarida, xususan, ta’lim muassasalarida 10 ming dona (100%) va sog‘liqni saqlash obyektlarida 10 ming 500 dona (105%) daraxt ko‘chatlari ekilib, belgilangan vazifalar ortig‘i bilan bajarilgan.
Sessiya kun tartibiga, shuningdek, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqiy savodxonligini oshirish, besh muhim tashabbus doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish masalalari ham kiritildi. Mazkur yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Amudaryo tumani budjetining qo‘shimcha manbalarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash masalasi, shuningdek, Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining “Amudaryo tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish to‘g‘risida”gi qarori ilovasiga tuzatish kiritish masalasi ham sessiya kun tartibidan o‘rin oldi.
Mazkur masalalar yuzasidan bildirilgan taklif va mulohazalar har tomonlama muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shu bilan Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 20-sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.









