Bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot
2026-04-24 17:40:00 / Yangiliklar

Bugun Amudaryo tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bitiruvchi yoshlar uchun muhim va mazmunli uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosari Nodirbek Kamolov hamda Toshkent davlat agrar universiteti agronomiya va agrotexnologiyalar kafedrasi professori Ne'matulla Xudaybergenov, Agronomiya va agrotexnologiyalar kafedrasi dotsenti U.Sultanov, agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasi assistenti M.Tursinbayevlar ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy muloqot olib bordilar.
Uchrashuv davomida agrar sohaning bugungi kundagi ahamiyati, uning iqtisodiyotdagi o‘rni va kelajakdagi istiqbollari haqida atroflicha fikr yuritildi. Professor tomonidan universitetdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayonlari, yangi tartiblar hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ayniqsa, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim tizimi, zamonaviy laboratoriyalar, xalqaro hamkorlik dasturlari va talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, kelajak kasbini tanlash borasida foydali tavsiyalar oldilar. Bunday uchrashuvlar ularning to‘g‘ri yo‘l tanlashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelajagini puxta rejalashtirayotgan yoshlar uchun bu kabi uchrashuvlar yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.









