Amudaryo tumanida “Ayollar sport olimpiadasi” yuqori saviyada o‘tkazildi
2026-04-18 14:30:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda tuman sport maktabi hamkorligida “Ayollar sport olimpiadasi” musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqa Amudaryo muhandislik texnikumi sport zalida bo‘lib o‘tdi. Unda tumanimizdagi mahallalardan 150 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirok etib, o‘zlarining sportga bo‘lgan qiziqishi va mahoratini namoyon etdilar.
Musobaqalar sportning stol tennisi, shaxmat, shashka hamda yengil atletika (60 m, 100 m va 200 m yugurish) turlari bo‘yicha 18–30 yosh hamda 30 yoshdan yuqori toifalar kesimida o‘tkazildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra:
—stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha har ikki yosh toifasida g‘oliblar aniqlandi;
—yengil atletikaning 60, 100 va 200 metrga yugurish yo‘nalishlarida ham 18–30 yosh hamda 30+ toifalari bo‘yicha 1-o‘rin sohiblari belgilandi.
Barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Eng muhimi, musobaqada 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Ushbu sport tadbiri xotin-qizlarni ommaviy sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.









