Tarix nafasi va zamonaviy targ‘ibot: Chilpiq qal’asidagi xalqaro promo-tur
2026-04-14 10:30:00 / Yangiliklar

2026-yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati arafasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imidjini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va betakror turistik salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida “Uzbekistan Road Trip to World Cup 2026” nomli yirik xalqaro promo-tur loyihasi izchil davom etmoqda.
Mazkur loyiha doirasidagi navbatdagi manzil sifatida Chilpiq qal’asi tanlangani bejiz emas. Qadimiy tarix va sir-sinoatlarga boy ushbu maskan nafaqat arxeologik yodgorlik, balki butun Qoraqalpog‘iston Respublikasi turistik salohiyatining yorqin timsolidir.
13-aprel kuni promo-tur ishtirokchilari Chilpiq qal’asida tantanali ravishda kutib olindi. Milliy ruh aks etgan folklor jamoalarining chiqishlari mehmonlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Qadimiy kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va an’anaviy marosimlar orqali mehmonlar xalqimizning boy madaniyati va mehmondo‘stligini chuqur his etishdi.
Shundan so‘ng, keng auditoriyaga ega blogerlar tomonidan Chilpiq qal’asi haqida turli formatdagi media-kontentlar — videoroliklar, fotojamlanmalar, hikoya va reportajlar tayyorlandi. Ushbu kontentlar xalqaro ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilib, O‘zbekistonning turistik jozibadorligini namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida hudud yoshlari ham faol ishtirok etib, ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan tarixiy obidalar, qadimiy urf-odatlar va milliy qadriyatlar haqida yangi bilimlarga ega bo‘lishdi. Bu esa yosh avlodning milliy o‘zlikni anglash, tarixga hurmat ruhida tarbiyalanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Promo-tur dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar Taxtako‘pir tumanidagi Qarateren turistik majmuasi hamda Taxtobe turistik majmuasiga ham tashrif buyurishlari rejalashtirilgan. Ushbu maskanlar o‘zining tabiiy go‘zalligi, ekologik tozaligi va o‘ziga xos landshaftlari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etadi.
Bugungi kunda ichki turizmni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston kabi tarixiy maskanlarga boy hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni ochish, xizmatlar sifatini oshirish orqali nafaqat xorijiy sayyohlarni, balki mahalliy turistlarni ham jalb etish mumkin.
Ichki turizmning rivojlanishi hududiy iqtisodiyotning jonlanishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, milliy hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarining kengayishiga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, “Uzbekistan Road Trip to World Cup 2026” kabi loyihalar nafaqat xalqaro imidjni mustahkamlash, balki ichki turizmni rag‘batlantirishda ham muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
Chilpiq qal’asida o‘tkazilgan mazkur tadbir yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston — bu nafaqat boy tarix, balki zamonaviy turizm imkoniyatlari mujassam bo‘lgan mamlakatdir. Qoraqalpog‘istonning betakror tabiati, sirli tarixiy obidalari va samimiy insonlari esa uni alohida jozibador maskanga aylantiradi.
Bunday tashabbuslar orqali O‘zbekistonning turistik salohiyati dunyo miqyosida tobora keng tanilib boraveradi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









