SPORT — SOG‘LOM HAYOT VA YUKSAK NATIJALAR GAROVI
2026-04-13 17:30:00 / Yangiliklar

Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor tobora kuchayib borayotgani bejiz emas. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar, erishilgan yutuqlar hamda dolzarb muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish boshida sportning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday dedi:
“Sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch.”
Darhaqiqat, bugungi kunda sport nafaqat jismoniy chiniqish vositasi, balki yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashning muhim omiliga aylanib bormoqda. Shu maqsadda joylarda ham keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Amudaryo tumanida ham aholining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida qator sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Tuman miqyosidagi navbatdagi musobaqalar davlat tashkilotlari, korxona va muassasalar xodimlaridan iborat jamoalar o’rtasida bo’lib o’tdi.
Tumandagi 40-sonli umumta’lim maktabining zamonaviy yopiq, sun’iy qoplamali sport maydonchasida o‘tkazilgan mini futbol musobaqalari qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Unda tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, madaniyat bo‘limi, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda yoshlar ishlari bo‘limi jamoalari o‘zlarining sport mahoratini namoyish etdilar.
Keskin va murosasiz kechgan uchrashuvlar yakunida tuman tibbiyot birlashmasi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki jamoalar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda sport sohasida erishilayotgan yutuqlar e’tiborga molik. So‘nggi to‘qqiz yil ichida 1,5 mingdan ortiq mahallalarda 1 774 ta zamonaviy sport maydonchalari bunyod etildi. Bundan tashqari, 200 dan ziyod yirik sport inshootlari barpo etilib, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari faoliyat boshladi.
Natijada sport bilan professional shug‘ullanayotgan yoshlar soni ikki barobarga oshdi. Olimpiya terma jamoalarimiz tarkibi sezilarli kengayib, paralimpiya yo‘nalishida esa bu ko‘rsatkich uch barobarga ortdi.
Yurtimiz sportchilarining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari esa alohida e’tirofga loyiq. Birgina o‘tgan yilning o‘zida ular 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 50 dan ortiq jahon va Osiyo rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldilar.
Shuningdek, sport sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish maqsadida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Yaqinda qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, sport federatsiyalariga homiylik qilgan tadbirkorlar boshqaruv tizimida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar. Professional futbol klublarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan tadbirkorlar esa ularni ishonchli boshqaruv asosida rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Sport — bu faqatgina musobaqa emas. U sog‘lom jamiyat poydevori, yoshlar tarbiyasi, millat g‘ururi va mamlakat nufuzining yorqin ifodasidir. Amudaryo tumanida bu kabi sport musobaqalar yana davom etadi.









