AMUDARYO TUMAN IXTISOSLASHTIRILGAN MAKTABIDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI” — KELAJAKKA OCHILGAN ESHIK
2026-04-13 16:10:00 / Yangiliklar

Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabida yana bir muhim va mazmunli tadbir — “Ochiq eshiklar kuni” yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu tadbir nafaqat maktab hayoti bilan yaqindan tanishish, balki kelajak ta’lim yo‘lini ongli tanlash uchun ham muhim maydonga aylandi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Tuman miqyosida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari esa o‘z samarasini yaqqol ko‘rsatdi.
2026-yil 11-aprel kuni o‘tkazilgan tadbirda tumandagi 86 ta umumta’lim maktablaridan 633 nafar 4-sinf o‘quvchilari, 72 nafar o‘qituvchi va 212 nafar ota-onalar faol ishtirok etdilar. Bu esa tadbirga bo‘lgan qiziqish va ishonchning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tadbir davomida mehmonlar maktabning zamonaviy imkoniyatlari, yaratilgan sharoitlar hamda ta’lim tizimidagi yangilanishlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘quvchilar uchun yaratilgan qulay muhit, erishilgan yutuqlar va innovatsion yondashuvlar taqdimotlar orqali keng yoritildi.
Alohida e’tibor 2026–2027-o‘quv yili uchun Prezident maktablari, Respublika va hududiy tayanch maktablar hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonlariga qaratildi. Ishtirokchilarga hujjat topshirish tartiblari, tanlov bosqichlari va talablar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirning eng qiziqarli va kutilgan qismi — “Bilimdonlar sinovi” bo‘ldi. Unda 4-sinf o‘quvchilari matematika va ingliz tili fanlaridan mantiqiy fikrlashga asoslangan test sinovlarida o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar. 633 nafar o‘quvchi ishtirok etgan ushbu sinov iste’dodlarni aniqlashda muhim bosqichga aylandi.
Yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning yutuqlari alohida e’tirof etildi. Bundan tashqari, iqtidorli o‘quvchilar ro‘yxati shakllantirilib, ota-onalar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida aloqalar mustahkamlandi.
Maktab ma’muriyati va tajribali ustozlar tomonidan ushbu o‘quvchilarga tizimli tayyorgarlik ko‘rish, fanlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va to‘garaklarda faol ishtirok etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan samimiy fikr va iliq tilaklar bu kabi uchrashuvlarning naqadar dolzarb va ahamiyatli ekanini yana bir bor tasdiqladi.
“Ochiq eshiklar kuni” — bu shunchaki tadbir emas, balki yosh avlodning ertangi kuniga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.





