Amudaryoda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanmoqda
2026-04-06 11:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni o‘zaro bog‘lash va aholiga qulay transport sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar joylarda o‘zining amaliy ifodasini topib, har bir hudud qiyofasini yangilashga xizmat qilmoqda. Amudaryo tumanida ham yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash va yangilarini barpo etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda tumandan o‘tuvchi muhim transport yo‘nalishlaridan biri —A380 avtomobil yo‘li – Qipchoq pristani – Mang‘it shahri – Toshhovuz shahri – Turkmaniston Respublikasi chegarasi” yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida keng ko‘lamli asfaltlash ishlari olib borilayotgani buning yaqqol isbotidir.
Mazkur yo‘l uzoq yillar davomida ta’mirtalab holatda bo‘lib, avtotransport vositalarining erkin va xavfsiz harakatlanishi uchun qiyinchilik tug‘dirib kelayotgan edi. Ayniqsa, yo‘l qoplamasining eskirgani sababli haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar, hatto xavf-xatarli vaziyatlar yuzaga kelayotgani ko‘p bora kuzatilgan.
Hozirda olib borilayotgan asfaltlash ishlari zamonaviy talablar asosida, sifat va mustahkamlikni ta’minlashga qaratilgan holda amalga oshirilmoqda. Natijada yaqin kunlarda ushbu yo‘l orqali harakatlanish yanada qulay va xavfsiz bo‘lishi kutilmoqda.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda Amudaryo tumani hududida jami 1 438 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 319 kilometri Amudaryo tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi balansida bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘llardir. Ushbu yo‘llarning 71 kilometri davlat ahamiyatiga ega bo‘lsa, 248 kilometri mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llaridan iborat.
Afsuski, mavjud yo‘llarning 160 kilometri ta’mirtalab holatda bo‘lib, buning asosiy sabablaridan biri sifatida yuk avtomobillarining belgilangan me’yorlardan ortiqcha yuk bilan harakatlanishidir. Bu esa yo‘l qoplamasining tezda ishdan chiqishiga olib kelmoqda.
Shunga qaramay, 2025-yil davomida tumanda yo‘l qurilishi va ta’miri borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qariyb 200 kilometr uzulikdagi yo‘lda turli ko‘lamdagi ta’mirlash va saqlash ishlari olib borildi. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 11,1 kilometr avtomobil yo‘liga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. 22 kilometr yo‘lda nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida o‘y-chuqurlar kartasimon usulda ta’mirlandi.
“Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida ham muhim ishlar bajarildi. Jumladan, loyihaning 2025-yilgi 1-mavsumida 14,2 kilometr, 2-mavsumida esa 6,2 kilometr yo‘l asfaltlandi. Bundan tashqari, yana 7,4 kilometr yo‘lda asfaltlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ko‘priklar holatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Tumandagi avariya holatidagi 3 ta ko‘prikda ta’mirlash ishlari boshlangan bo‘lib, ularning 2 tasi allaqachon foydalanishga topshirildi.
Aholini uzoq yillar davomida qiynab kelgan muammolardan biri — tuproq qoplamali ichki yo‘llar masalasiga ham yechim topilmoqda. Xususan, 127 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Bundan tashqari, 11 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ham ta’mirlandi.
Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham keng ko‘lamni qamrab oladi. 2026-yil uchun belgilangan rejalarga ko‘ra, ushbu yilni Amudaryo tumani uchun yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishda muhim bosqich, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rejaga muvofiq, 305 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari hamda avariya holatidagi 6 ta ko‘prikda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Jumladan, Mang‘it shahridan Qilichboy ovuliga olib boruvchi 18 kilometr, Kuyuk ko‘pir ovulidan Jumurtov shaharchasiga olib boruvchi 9 kilometr, Mang‘it shahridan Amir Temur nomli ovulga olib boruvchi 6 kilometr yo‘l hamda Qizilchali mahallasi hududidagi 0,5 kilometr yo‘l ta’mirlanadi.
Shuningdek, umumiy foydalanishdagi 50 kilometr yo‘lda o‘y-chuqurlarni bartaraf etish ishlari olib boriladi. “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida aholi bilan hamkorlikda yana 22 kilometr yo‘lni asfaltlash rejalashtirilgan. Fuqarolarning murojaatlari va sayyor qabullar natijalariga asosan esa 200 kilometrdan ortiq tuproq qoplamali ichki xo‘jalik yo‘llariga qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, Amudaryo tumanida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport harakati xavfsizligini ta’minlash va aholiga yanada qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan ishlar izchil va tizimli ravishda davom etmoqda. Bu esa nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun ham qulay infratuzilma yaratishdek xayrli maqsadga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.


