Davlat xizmatchilari salomatligi — samarali boshqaruv garovi
2026-04-04 18:40:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy tashabbuslar davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Amudaryo tumanida davlat xizmatchilari uchun birlamchi tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Mazkur tadbir nafaqat xodimlar salomatligini nazorat qilish, balki kasalliklarni erta aniqlash orqali ularning uzoq muddat samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tuman Tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik jarayonida hokimlik xodimlari bilan bir qatorda tashkilot va muassasalar rahbarlari ham qamrab olindi. Bu esa rahbar kadrlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilayotganini, tizimda sog‘lom boshqaruv muhitini shakllantirish uchun muhim qadam ekanligini ko‘rsatadi.
Tibbiy ko‘riklar davomida malakali mutaxassislar tomonidan xodimlar kompleks tekshiruvdan o‘tkazildi. Yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi, qand miqdori, umumiy laborator tahlillar kabi muhim ko‘rsatkichlar o‘rganildi. Shuningdek, har bir xodimga individual yondashuv asosida sog‘lom turmush tarzini yuritish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish hamda stressni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aynan profilaktik tibbiy ko‘riklar orqali ko‘plab kasalliklarning dastlabki belgilari aniqlanadi va bu ularni o‘z vaqtida davolash imkonini yaratadi. Bu esa nafaqat inson salomatligini asrash, balki iqtisodiy va ijtimoiy yo‘qotishlarning oldini olishda ham muhim omil hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunida davlat xizmatchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatish ijtimoiy himoyaning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ushbu norma amaliyotda izchil tatbiq etilayotgani esa davlat tomonidan inson omiliga berilayotgan ustuvor e’tiborning yaqqol ifodasidir.
Amudaryo tumanida tashkil etilgan mazkur tibbiy ko‘rik tadbiri ham ana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, davlat xizmatchilarining sog‘lom va samarali faoliyat yuritishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Zero, sog‘lom kadr — bu sifatli xizmat, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish demakdir.
Shu bois, bunday tashabbuslarning muntazam davom ettirilishi nafaqat davlat xizmatchilarining hayot sifatini oshiradi, balki jamiyat taraqqiyotiga ham bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.






