Yoshlar kunida zamonaviy sport maydonchasi foydalanishga topshirildi
2026-03-27 11:20:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24-fevral kungi uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslarga muvofiq, har payshanba “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib, joylarda yoshlar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini o‘rganish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida 26-fevral – “Yoshlar kuni”da Amudaryo tumani Daryo bo‘yi mahallasida, 65-sonli umumta’lim maktabi hududida zamonaviy, usti yopiq sun’iy qoplamali universal sport maydonchasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimi yuqori bayramona ruhda o‘tdi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman prokurori Bahrom Masharipov, turli tashkilot va bo‘lim rahbarlari, mahalla faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan tuman hokimi mazkur sport inshooti yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi hamda mahalla ahlini ushbu quvonchli voqea bilan samimiy tabrikladi.
Shundan so‘ng ramziy tasma qirqilib, yangi sport maydonchasi rasman foydalanishga topshirildi. Tadbir doirasida mahallaning futbol va voleybol yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan iqtidorli yosh sportchilari rag‘batlantirilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayramona muhit mahalla ahli tomonidan yanada ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Keng dasturxon yozilib, katta qozonlarda osh damlanib, mehmonlarga tortiq qilindi. Bu esa mahalladagi ahillik, birdamlik va hamjihatlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Mazkur sport maydonchasi “Tashabbusli byudjet”ning 2025-yil 4-mavsumida g‘olib bo‘lgan loyiha asosida barpo etildi. Uning g‘oliblikka erishishida mahalla ahlining yakdil sa’y-harakatlari, yosh-u qari barcha qatlam vakillarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi. Ochilish marosimida yig‘ilganlarning yuz-ko‘zida aks etgan quvonch va faxr tuyg‘ulari bu hamjihatlikning amaliy natijasini yaqqol namoyon etdi.
Qurilish ishlari “Tuproqqal’a maxsus qurilish” MCHJ tomonidan 1 milliard 329 million so‘m mablag‘ evaziga sifatli amalga oshirildi. Universal sport majmuasi futbol, voleybol va basketbol sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lib, u yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda professional sportga yo‘naltirishda muhim maskan vazifasini o‘taydi.
Tadbirning mantiqiy davomi sifatida mahalla fuqarolar yig‘ini binosida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda rahbarlar yoshlarning muammo va takliflarini tinglab, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va hayotiy rejalarini amalga oshirishga ko‘maklashish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, yoshlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlanish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer maydoni ajratish, chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar olish kabi masalalarda murojaat qildilar. Bildirilgan taklif va muammolar tegishli mutasaddilar tomonidan nazoratga olinib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shubhasiz, bunday bunyodkorlik ishlari va ochiq muloqotlar yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi. Amudaryo tumanida foydalanishga topshirilgan ushbu zamonaviy sport maydonchasi esa nafaqat sport inshooti, balki yoshlarning orzulari ro‘yobga chiqadigan, ularning iste’dodi va salohiyati charxlanadigan muhim maskan sifatida xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









