Amudaryoda paxta mavsumiga puxta zamin: sifatli chigit ekish – mo‘l hosil garovi
2026-03-26 10:05:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanida joriy yil paxta mavsumini muvaffaqiyatli tashkil etish yo‘lida muhim qadamlardan biri qo‘yildi. Tumanning Oq oltin ovuli hududidagi “Saparbayev Qadir” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan republika miqyosidagi amaliy seminar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, ayniqsa chigit ekish ishlarini agrotexnik talablar asosida tashkil etishga bag‘ishlandi.
Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov ishtirok etib, hududlarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, barcha tuman hokimlari, mas’ul vakillar, qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishidagi rahbarlar hamda sohaga daxldor tashkilotlar mutasaddilari qatnashdi. Bu esa seminar nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim jarayonga aylanganini ko‘rsatadi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan yerlarni sifatli tayyorlash, chigitni optimal muddatlarda ekish, zamonaviy texnika va innovatsion agrotexnologiyalarni qo‘llash, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi dolzarb masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, har bir jarayonda aniq reja, intizom va texnologik talablarning so‘zsiz bajarilishi yuqori hosildorlikka erishishning asosiy omili ekani alohida ta’kidlandi.
Dala sharoitida tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar esa seminar ishtirokchilariga nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash imkonini berdi. Chigit ekish texnologiyasi, texnikalarning sozligi, ularni samarali boshqarish usullari bevosita maydonda namoyish etildi. Bu esa fermerlar va mutaxassislar uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
Alohida ta’kidlash joizki, Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligi salohiyati jihatidan yirik hududlardan biri hisoblanadi. Tumanning umumiy yer maydoni 102 ming gektardan ortiq bo‘lib, shundan 33 ming 648 gektari sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini tashkil etadi. Bugungi kunda tumanda 631 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyat yuritib, ular tomonidan 30 ming gektardan ortiq ekin maydonlari o‘zlashtirilgan.
2026-yil hosili uchun tumanda jami 31 ming 274 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 13 ming gektarini paxta tashkil etadi. Bu esa paxtachilik tuman iqtisodiyotida yetakchi o‘rin tutishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Paxtachilik yo‘nalishida tumanda 335 ta fermer xo‘jaligi hamda “Eko teks” MCHJ klasteri faoliyat olib bormoqda. Joriy yil hosili uchun 13 ming gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda turli navlar, jumladan, “Sulton”, “Ravnaq-2” va xorijiy navlardan keng foydalanish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, ekin maydonlarida ilg‘or ekish usullari — yakka va qo‘sh qatorli tizimlar joriy etilayotgani ham hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilsa, o‘rtacha hosildorlik 40–50 sentnerdan yuqori bo‘lishi, yalpi hosil esa sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat tumanning, balki butun respublikaning paxta yetishtirish ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Seminar yakunida mas’ullarga chigit ekish ishlarini belgilangan muddatlarda — mart oyining oxiridan aprel oyining boshlariga qadar sifatli amalga oshirish, har bir gektardan yuqori hosil olish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish, shuningdek, qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Amudaryoda boshlangan bu kabi tizimli yondashuv va amaliy sa’y-harakatlar qishloq xo‘jaligida yangi natijalar sari mustahkam zamin yaratmoqda. Zero, yerga e’tibor — kelajakka e’tibor. Chigitni sifatli ekish esa mo‘l hosilning eng muhim garovidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









