Qishloq xo'jaligi rivoji agrotexnik tadbirlarning bajarilishiga bog'liq
2026-03-23 18:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Amudaryo tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan 2026-yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarning o‘z muddatlarida, sifatli va samarali amalga oshirilishi ustidan keng qamrovli nazorat ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish ko‘p jihatdan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarilishiga bog‘liq. Shu bois, mutaxassislar tomonidan tumandagi barcha g‘alla maydonlari kesimida monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda Amudaryo tumanida jami 4800 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lib, ushbu maydonlarda parvarishlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda g‘alla maydonlarida vegetatsiya davrining muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan oziqlantirish ishlari, sug‘orish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Inspeksiya mutaxassislari tomonidan joylarda o‘rganishlar o‘tkazilib, har bir fermer xo‘jaligi va klaster kesimida agrotexnik talablarning bajarilishi tahlil qilinmoqda.
Shuningdek, tumanda oziqlantirish suspenziya ishlari alohida nazoratga olingan. Mazkur jarayonlarda jami 258 ta subyekt tomonidan g‘alla ekinlari parvarish qilinmoqda. Har bir subyekt faoliyati o‘rganilib, o‘g‘itlash me’yorlari, qo‘llanilayotgan texnologiyalar va ishlatilayotgan vositalarning samaradorligiga baho berilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan fermer xo‘jaliklari va mas’ul tashkilotlarga aniq ko‘rsatmalar berilmoqda. Jumladan, mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, suv resurslarini tejash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, shuningdek, ishlarni qisqa muddatlarda sifatli yakunlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, dala sharoitida agrotexnik tadbirlarni tashkil etishda texnika va mexanizmlardan samarali foydalanish, ishchi kuchini to‘g‘ri taqsimlash hamda agroservis xizmatlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ishlarning uzluksizligini ta’minlash va har bir agrotexnik tadbirni belgilangan muddatda bajarishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish g‘alla hosildorligini oshirishda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, vegetatsiya davrida oziqlantirish va sug‘orish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish kelgusida mo‘l va sifatli hosil olish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, olib borilayotgan nazorat ishlari nafaqat mavjud kamchiliklarni aniqlash, balki ularni tezkor bartaraf etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va fermerlar bilimini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Natijada tumanda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish samaradorligi bosqichma-bosqich oshib bormoqda.
Mas’ullar qayd etishicha, tizimli nazorat, ilmiy asoslangan yondashuv va amaliy ko‘maklar uyg‘unligi natijasida Amudaryo tumanida 2026-yil g‘alla hosili uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda. Bu esa nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.



