To‘lqin ovulida Navro‘z shukuhi
2026-03-24 16:00:00 / Yangiliklar

To‘lqin ovulida bahorning eng go‘zal va qadimiy bayrami — Navro‘z umumxalq sayli sifatida ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi. Ovuldagi 33-sonli umumta’lim maktabida maktab ma’muriyati, fidoyi o‘qituvchilar hamda iqtidorli o‘quvchilar tomonidan mazmunli va unutilmas bayram dasturi tashkil etildi.
Bayram tadbiriga ota-onalar, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari taklif etildi. Milliy qadriyatlarimiz aks etgan bezaklar, rang-barang liboslar va turli milliy taomlar bilan to‘ldirilgan dasturxonlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bolajonlarning betakror sahna chiqishlari, jozibador raqslari, dilga yaqin kuy-qo‘shiqlari Navro‘z shukuhini yanada jonlantirib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
Navro‘z — bu yangilanish, mehr-oqibat va birlik ramzi. Ushbu bayram To‘lqin ovuli ahlining birdamligini, ezgu niyatlarini va kelajakka bo‘lgan ishonchini yana bir bor mustahkamladi.









