Mahalla — jamiyat tayanchi, inson qadrining mezoni
2026-03-23 17:50:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida joriy yilning 22-mart kuni «Mahalla tizimi xodimlari kuni» munosabati tantanali bayram kechasi tashkil etildi. Ushbu tadbir yurtimizda mahalla institutiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasiga aylandi. Tumandagi “Diamond” restoranida tashkil etilgan ushbu tadbir nafaqat bayramona kayfiyat, balki e’tirof va ehtirom uyg‘unligi bilan ajralib turdi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman prokurori Bahram Masharipov, hokim o‘rinbosarlari, bo‘lim va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etib, mahalla tizimi xodimlarini samimiy qutladilar. Ularning fidokorona mehnati, xalq bilan bir nafasda yashab, muammolarni joyida hal etishga intilayotgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Hurmatli Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mahalla tizimi tom ma’noda jamiyat va davlat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylanish yo‘lida izchil rivojlanib bormoqda. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muammolarni aniqlash va tezkor bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash — bularning barchasi bugungi mahalla faoliyatining ajralmas qismiga aylandi.
So‘nggi yillarda qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar mahalla tizimini tubdan yangilash, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida mahallani aholining ishonchli suyanchi, dardiga malham bo‘ladigan maskanga aylantirishga zamin yaratmoqda.
Joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu tashabbus mahalla institutini yanada mustahkamlash, uning jamiyat hayotidagi o‘rnini kuchaytirish, eng muhimi, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi. Zero, mahalla — bu nafaqat hududiy birlik, balki mehr-oqibat, hamjihatlik va insoniy qadriyatlar mujassam bo‘lgan maskandir.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar orqali aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bandlikni ta’minlash, muammolarni joyida hal etish tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Eng chekka hududlargacha kirib borayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik esa davlat siyosatining markazida inson manfaatlari turganining yaqqol dalilidir.
Bugungi kunda mahalla tizimi xodimlari zimmasiga yuklangan vazifalar nihoyatda mas’uliyatli va sharaflidir. Ular har bir xonadonga kirib borib, odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lmoqda, muammolarni yechishda ko‘makchi bo‘lmoqda. Shu bois ularning mehnati har qancha e’tirofga loyiq.
Tantanali tadbir davomida o‘zining fidoyiligi, tashabbuskorligi va samarali faoliyati bilan ajralib turgan bir guruh xodimlar tuman hokimining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa soha vakillariga berilgan yuksak baho, ularning mehnatiga ko‘rsatilgan ehtirom ifodasi bo‘ldi.
Bayram kechasi san’at va madaniyat xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mahalla — bu jamiyatning yuragi. Uning rivoji — yurt taraqqiyoti, uning obodligi — xalq farovonligidir. Uning mustahkamligi, avvalo, unda faoliyat olib borayotgan insonlarning fidoyiligi, halolligi va mas’uliyatiga bog‘liq.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









