“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!”
2026-03-13 17:15:00 / Yangiliklar

13–14-mart kunlari yurtimiz bo‘ylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida Amudaryo tumanida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari tashkil etildi.
Mazkur xayrli tadbir mahallalarimizni yanada obod qilish, atrof-muhitni toza saqlash, aholi o‘rtasida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tuman Mahalla jamg‘armasi hisobidan 22 754 tonna ohak, 20 000 tup mevali daraxt ko‘chatlari hamda 5 000 dona turli mehnat anjomlari xarid qilinib, mahallalarga tarqatildi. Bu esa hududlarda obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Choyko‘l ovulidagi “Bobo Rustam” qabristoni hududida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Hasharda yosh-u qari birdek faol ishtirok etib, hududni begona o‘tlardan tozalash, atrofini tartibga keltirish va pokiza saqlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi.
Bunday ezgu tadbirlar nafaqat hududlarimizni obod qiladi, balki xalqimizning birdamligi, mehr-oqibati va Vatanga bo‘lgan sadoqatini yana bir bor namoyon etadi.
Obod mahalla — farovon hayot garovi!








