Amudaryoda “Yoshlar kuni” doirasida uchrashuvlar o‘tkazildi
2026-03-07 15:45:00 / Yangiliklar

Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Zero, har bir davlatning ertangi kuni, taraqqiyoti va farovonligi aynan yosh avlodning bilimli, salohiyatli va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liq. Shu bois mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama rivojlanishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi davomida ham bu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslardan biri sifatida endilikda har payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Bu esa joylarda yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtidor va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Mazkur tashabbus ijrosi doirasida 5-mart kuni Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligidagi tuman rahbarlari Qipchoq SHFY hududida joylashgan 1-son texnikum faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida ta’lim maskanida olib borilayotgan o‘quv jarayonlari, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda yoshlarning qiziqishlari asosida tashkil etilgan turli to‘garaklar faoliyati o‘rganildi.
Texnikumda yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, o‘quvchilarga zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan sport to‘garaklari faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Xususan, voleybol hamda milliy kurash to‘garaklari mashg‘ulotlari bilan tanishish jarayonida yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi, ularning jismoniy salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi. Sport bilan muntazam shug‘ullanish yoshlarning nafaqat jismonan chiniqishi, balki irodasi va intilishlarini mustahkamlashda ham muhim omil ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tashrif davomida hududdagi 21-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv avvalida maktabda ta’lim olayotgan iqtidorli yoshlarning ijodiy ishlari va san’at namunalari namoyish etildi.
Yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan betakror kuy-qo‘shiqlar, milliy cholg‘u asboblarida ijro etilgan musiqiy kompozitsiyalar hamda yosh rassomlarning rang-barang ijod namunalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishi, ularning iste’dodi va ijodiy salohiyati barchani quvontirdi.
Shundan so‘ng yoshlar bilan samimiy muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlardan foydalanish, yer maydonlari ajratish hamda kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan qator murojaat va takliflar bildirildi.
Mas’ul rahbarlar tomonidan har bir murojaat alohida ko‘rib chiqilib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi. Ayrim masalalar joyida hal etilib, qolgan murojaatlar ijrosi bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda yoshlarning bilimli, tashabbuskor va faol bo‘lib voyaga yetishi mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois joylarda yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Amudaryo tumanida tashkil etilayotgan bunday uchrashuv va tadbirlar yoshlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda kelajakda yetuk mutaxassis, vatanparvar insonlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuv va ochiq muloqotlar tumanning boshqa mahallalarida ham izchil davom ettiriladi. Bu esa yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda har bir yoshning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









