Voyaga yetmagan qizlar ta’lim-tarbiyasi — ustuvor vazifa
2026-03-04 10:30:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida voyaga yetmagan qizlarning ta’lim-tarbiyasi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, erta nikoh va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir hududlarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri v.v.b. Muhabbat Shlimbetova, Ichki ishlar vazirligi JXX XPB boshlig‘i o‘rinbosari Xurzada Reimova, shuningdek, Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idora rahbarlari, umumta’lim maktablari direktorlari hamda mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni ochib bergan Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova so‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va jamiyatdagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtaldi. U voyaga yetmagan qizlar tarbiyasi nafaqat oila, balki butun jamiyatning mas’uliyati ekanini alohida ta’kidladi.
Qizlarimizning bilimli, mustaqil fikrlaydigan, o‘z huquqlarini biladigan shaxs bo‘lib voyaga yetishi — ertangi taraqqiyotimiz poydevori ekanligini, shu bois mahalla, maktab va ota-onalar hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri v.v.b Muhabbat Shlimbetova o‘z so‘zida maktablarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish, psixologik xizmat samaradorligini oshirish, darsdan tashqari to‘garaklar faoliyatini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi qizlar bilan individual ishlash tizimini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
U har bir maktab direktori va sinf rahbari qizlarning davomati, darsdagi faolligi va oilaviy sharoiti bo‘yicha muntazam monitoring olib borishi lozimligini qayd etdi. Ta’lim sifati bilan bir qatorda, tarbiya masalasi ham ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi kerakligi ta’kidladi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi bo’lim boshlig’i o’rinbosari Xurzada Reimova esa voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, erta nikoh va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. U ichki ishlar organlari tomonidan maktablar va mahallalarda profilaktik suhbatlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, qizlarni turli zararli oqimlar va salbiy ta’sirlardan himoya qilishda ota-onalarning hushyorligi va mas’uliyati muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.
Yig‘ilish davomida tuman hokimi o‘rinbosarlari so‘zga chiqib, joylarda olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Ayrim hududlarda qizlarning maktabdan keyingi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish, sport va san’at to‘garaklariga jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman mas’ullariga bir qator aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, maktablarda qizlar bilan ishlash bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi oilalar bilan manzilli ishlash, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, mahalla va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi.
Mazkur yig‘ilish voyaga yetmagan qizlar ta’lim-tarbiyasi masalasi doimo e’tibor markazida ekanini yana bir bor tasdiqladi. Qizlarimizning baxtli, sog‘lom va bilimli bo‘lib ulg‘ayishi — jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omilidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









