Yangi bunyodkorlik — kelajak avlod kamoli yo‘lida muhim qadam
2026-02-28 15:10:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodni zamonaviy sharoitlarda bilim olishiga imkon yaratish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, chekka hududlarda zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, o‘quvchilar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish eng muhim ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday bunyodkorlik ishlarining yana bir yorqin namunasi sifatida Amudaryo tumani Choyko‘l ovulida joylashgan 59-sonli umumta’lim maktabining yangi zamonaviy qo‘shimcha o‘quv binosi hamda sport zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratov, nuroniylar, mahalla faollari, pedagoglar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mas’ullar barcha mahalla ahlini va maktab jamoasini ushbu muhim voqea bilan samimiy muborakbod etib, yangi bino yoshlarning zamonaviy bilim olishi, jismonan sog‘lom va ma’naviy barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
So‘zga chiqqanlar nutqlarida mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida maktablarning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdilar.
Choyko‘l ovuli hududida joylashgan 59-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida pudratchi tashkilot — “Amudaryo xizmat ko‘rsatish markazi” MCHJ tomonidan qiymati 4 milliard 687 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Natijada 180 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan qo‘shimcha o‘quv binosi hamda 12×24 o‘lchamdagi zamonaviy sport zal foydalanishga topshirildi.
Ikki qavatdan iborat yangi bino barcha zamonaviy qurilish va ta’lim standartlariga to‘liq mos holda barpo etilgan. Unda keng va yorug‘ sinfxonalar, zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, qulay yo‘laklar hamda o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi zarur infratuzilma yaratilgan.
E’tiborlisi, binoga maxsus lift o‘rnatilib, inklyuziv ta’lim tamoyillari asosida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bu esa har bir bolaning teng ta’lim olish huquqi amalda ta’minlanayotganining yaqqol ifodasidir. Yangi o‘quv binosida isitish tizimi zamonaviy chiller–fankoil uskunalari asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yil davomida xonalarda me’yoriy haroratni saqlash imkonini beradi.
Zamonaviy sport zali esa yoshlarning jismoniy chiniqishi, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mazkur ta’lim muassasasida 155 nafar o‘quvchi tahsil olib, 28 nafar malakali pedagog yosh avlodga bilim va tarbiya bermoqda. Yangi bino foydalanishga topshirilishi natijasida ta’lim sifati yanada oshib, o‘quv jarayonini zamon talablari asosida tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Choyko‘l ovulida bunyod etilgan yangi o‘quv va sport majmuasi — kelajak avlodning orzu-intilishlari, bilim sari tashlangan muhim qadami, yurtimizda ta’limga berilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









