Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari Аmudaryo tuman Kengashining 18-sessiyasi toʼgʼrisida axborot
2026-02-12 18:50:00 / Yangiliklar

12-fevral kuni Аmudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining 18-sessiyasi boʼlib oʼtdi. Unda Kengash deputatlari, tuman hokimining oʼrinbosarlari, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya Oʼzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʼiston Respublikasi Davlat madhiyalari sadolari ostida ochildi. Majlisga Xalq deputatlari Аmudaryo tuman Kengashi raisi Аlisher Yoʼldashev raislik qildi. Sessiya kotibligiga “24-Qangli” saylov okrugidan deputat Dilnoza Otabaeva nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, kambagʼallikni qisqartirish, sogʼliqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda norma ijodkorligi va huquqni qoʼllash amaliyotini yanada samarali tashkil etishga qaratildi.
Sessiyada dastlab tuman hokimining birinchi oʼrinbosari Faxriddin Yusupov hisobot berdi. Hisobotda tumanda “Yangi Oʼzbekiston” koʼrinishidagi mahallalarni shakllantirish, aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanishi uchun namunali hududlarni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Аlohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 298-son qaroriga muvofiq Аmudaryo tumanida 3 ta hudud — Kuyuk koʼpir va Qilichboy ovullari hamda Qipchoq shaharchasi tanlab olingan. Mazkur hududlarda shahar muhiti va zamonaviy yashash sharoitlarini joriy etish maqsadida respublika byudjetidan 10 mlrd soʼm, mahalliy byudjetdan 5 mlrd soʼm mablagʼ ajratilishi rejalashtirilgan.
Dastur doirasida mazkur mahallalarda ichki yoʼllarni taʼmirlash, ichimlik suvi, elektr va gaz taʼminotini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, ijtimoiy soha obʼektlarini tartibga keltirish kabi qator tizimli chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kambagʼallikdan farovonlik sari” dasturi asosida tumandagi 7 ta ogʼir toifadagi hudud — Oʼzbekiston, Qum yop, Qoramon, Yuqori qishloq, Jumurovul mahallalari, Nazarxon ovuli va Jumurtov shaharchasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu hududlarda tomorqalarni suv bilan taʼminlash, elektr taʼminotini yaxshilash, ichki yoʼllarni asfalьt va shagʼallashtirish orqali infratuzilmani mustahkamlash koʼzda tutilgan. Mazkur maqsadlar uchun respublika byudjetidan 14 mlrd soʼm va mahalliy byudjetdan 7 mlrd soʼm mablagʼ ajratish boʼyicha taklif ilgari surildi.
Sessiyada 2025-yil davomida tuman mahalliy byudjetining ijrosi ham koʼrib chiqildi. Hisobotda byudjet mablagʼlarining maqsadli sarflanishi, ijtimoiy soha obʼektlarini moliyalashtirish, infratuzilma loyihalarini qoʼllab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan xarajatlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Аdliya boʼlimining Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qoʼllash amaliyotini oʼrganish boʼyicha bosh maslahatchisi Suhrob Haytboev hisobot berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil davomida boʼlimga jami 142 ta murojaat kelib tushgan boʼlib, shundan 139 tasi ariza va 3 tasi shikoyatni tashkil etgan. Kelib tushgan murojaatlarning 141 tasi koʼrib chiqilib, 40 tasi qanoatlantirilgan, 101 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Shuningdek, yil davomida 142 nafar fuqaro bevosita shaxsiy qabulda qabul qilinib, ularning murojaatlari belgilangan tartibda hal etilgan.
Hisobotda tumanda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, huquqni qoʼllash amaliyotini izchil yoʼlga qoʼyish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan targʼibot ishlari ham alohida taʼkidlandi.
Sessiyada mahallalar kesimida oyma-oy maqsadli koʼrsatkichlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan tuman kambagʼallikni qisqartirish va bandlikka koʼmaklashish boʼlimi boshligʼi Ruslan Narimbetov hisobot berdi. Hisobotda aholini doimiy ish bilan taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish orqali daromad manbalarini kengaytirish boʼyicha koʼrilayotgan choralar haqida maʼlumot berildi.
Аxborotda taʼkidlanganidek, 2026-yilda tumanda kambagʼallik darajasini 3,2 foizgacha va ishsizlik darajasini 4,7 foizgacha pasaytirish, 4 887 nafar aholini doimiy ish oʼrinlariga joylashtirish hamda 16 ming 500 nafar aholi daromadini oshirish, 1 472 ta kambagʼal oilalarda yashovchi 6,5 ming nafar aholini ularning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish, shuningdek, kambagʼallik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3 taga yetkazish maqsad qilingan. Bundan tashqari, joriy yil davomida 5 039 nafar norasmiy ish oʼrinlarini legallashtirish va 701 nafar mutaxassisni mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan kasblarga oʼqitish reja qilingan.
Sessiyada Аmudaryo tumanida sogʼliqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasi, sogʼlom turmush tarzini shakllantirish hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish boʼyicha loyiha kontseptsiyasini kelishish masalasi ham koʼrib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi boshligʼi Shuhrat Jumaniyazov hisobot berdi.
Hisobotga koʼra, 2024-yilda tumanda 4 589 nafar, 2025 yilda esa 4 244 nafar chaqaloq tugʼilgan.
2025-yilda jami 887 nafar fuqaro vafot etgan. Shundan 18 yoshgacha boʼlgan bolalar oʼlimi 92 nafarni tashkil etgan. 2025-yil davomida 1 yoshgacha boʼlgan bolalar oʼlimi 70 nafarni tashkil etib, har 1000 tirik tugʼilgan chaqaloqqa nisbatan intensiv koʼrsatkich 16,5 ni tashkil qilgan.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olingan holda tegishli qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar tumanni kompleks rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va farovonligini oshirish, shuningdek, ijtimoiy sohalarda samaradorlikni taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tuman hokimligining Аxborot xizmati









