Amudaryo tumani sport maktabi – yoshlar salomatligi va yuksak natijalar maskani
2026-02-10 11:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Amudaryo tumani sport maktabi nafaqat tuman, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasida ommaviy va professional sportni rivojlantirishda yetakchi muassasalardan biri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport maktabining asosiy maqsadi – yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni kashf etib, yuksak sport marralariga yetkazishdan iborat.
Amudaryo tumani sport maktabi hududlarda joylashgan 3 ta asosiy sport bazasi orqali o‘z faoliyatini olib bormoqda. 1-baza – asosiy baza Amudaryo tumani “Olmazor” mahallasida joylashgan bo‘lib, bu yerda 105x55 metr o‘lchamdagi futbol stadioni va 3000 o‘ringa mo‘ljallangan tribuna mavjud. Bundan tashqari, bazada 12x24 metrli sport zali, 9x18 metrli voleybol maydoni, 14x28 metrli basketbol maydoni hamda 11x25 metrli yopiq suzish basseyni mavjud bo‘lib, bu inshootlar turli sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
2-baza Amudaryo tumani “Do‘stlik” mahallasida joylashgan. Ushbu hududda 100x70 metrli futbol stadioni va 850 o‘rinli tribuna mavjud bo‘lib, u asosan futbol sport turiga ixtisoslashgan. Shuningdek, 7x9 metrli 2 ta kurash va stol tennisi zallari hamda 7x9 metrli badiiy gimnastika zali faoliyat yuritmoqda. Bu yerda dzyudo, kurash, stol tennisi, futbol va badiiy gimnastika yo‘nalishlarida muntazam mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
3-baza esa “Chordara” mahallasida joylashgan bo‘lib, bu yerda 12x24 metrli sport zali (kurash va boks uchun) hamda 9x14 metrli moslashtirilgan stol tennisi zali mavjud.
Bugungi kunda Amudaryo tumani sport maktabida jami 28 ta sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Jumladan, 16 ta olimpiya sport turlari: dzyudo, boks, stol tennisi, taekvondo WT, badminton, og‘ir atletika, suzish, tennis, erkin kurash, yengil atletika, badiiy gimnastika, voleybol, futbol, basketbol, regbi va gandbol, 2 ta milliy sport turlari: o‘zbek kurashi va o‘zbek jang san’ati, 3 ta noolimpiya sport turlari: qo‘l jangi, shaxmat, karate WKF, 7 ta parasport turlari: para dzyudo, para o‘q otish, para pauyerlifting, para stol tennisi, para taekvondo, para badminton.
Sport maktabida 157 ta guruhda jami 2240 nafar sportchi, shundan 730 nafari qizlar muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning bilim va mahoratini oshirishda 68 nafar sport murabbiylari faoliyat olib bormoqda. Murabbiylarning 50 nafari oliy ma’lumotli, 20 nafari oliy toifali murabbiylar bo‘lib, bu sport maktabida yuqori malakali kadrlar faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda Amudaryo tumani sportchilari respublika va xalqaro musobaqalarda salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. 2024–2025 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi chempionatlari va kuboklarida jami 86 ta medal, jumladan 18 ta oltin, 26 ta kumush va 41 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.
Osiyo chempionati va kuboklarida esa 5 ta medal, xalqaro turnirlarda esa 12 ta medal jamg‘arildi. Boks, dzyudo va taekvondo WT sport turlarida sportchilarimiz 3 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Alohida e’tiborga molik jihati shundaki, 14 nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoalari safiga qabul qilindi, ulardan 11 nafari asosiy tarkib a’zolari hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Amudaryo tumanida mahalla va sektor bosqichlarida sport musobaqalari keng ko‘lamda o‘tkazildi. Respublika final bosqichi natijalariga ko‘ra, tuman yoshlarimiz 7 ta medalni qo‘lga kiritib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Mazkur loyiha doirasida 2025-yilgacha 16 ta sport maydonchasi qurib berildi, 2026-yilda esa Beshtom va Chordara mahallalarida zamonaviy workout maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Amudaryo tumani sport maktabi bugungi kunda yoshlar salomatligini mustahkamlash, iqtidorli sportchilarni kashf etish va yurtimiz sporti nufuzini oshirish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda. Zamonaviy sport inshootlari, tajribali murabbiylar va yuksak natijalar ushbu sport maskanining kelajakda yanada katta yutuqlarga erishishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









