Prezident Amudaryolik nuroniy — mehnat faxriysi Bekman Allaberganovga tabrik yo‘lladi
2026-01-05 17:45:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, uzoq yillar davomida halol va fidokorona mehnat qilib, bugun nafaqada bo‘lgan bir guruh nuroniylarga samimiy tabrik yo‘lladi. Ular orasida Amudaryo tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan Bekman Allaberganov ham bor.
Prezident tabrigida nuroniylarimiz jamiyatimizning bebaho boyligi ekani, ularning umr davomida to‘plagan boy tajribasi, ibratli hayot yo‘li bugungi yosh avlodni Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik va yuksak maqsadlar sari ruhlantirishi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, ko‘p millatli diyorimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda nuroniylarning o‘rni beqiyos ekani qayd etilgan.
Mazkur tabrik munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Islom Sodikov hamda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov Bekman Allaberganov xonadonida bo‘lib, Prezidentimiz nomidan tabriknoma va esdalik sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdilar.
Uchrashuv chog‘ida nuroniyga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilasiga tinchlik va farovonlik tilaklari bildirildi. Mazkur e’tibor va e’tirof Amudaryoda mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasi bo‘ldi.



