Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 16-sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2025-12-30 18:10:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi 16-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida deputatlar, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat madhiyalari sadolari ostida ochildi. Sessiya majlisiga Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi raisi, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov raislik qildi. Kun tartibidagi tashkiliy masalalar doirasida sessiya kotibligiga “22-Bosuv” saylov okrugidan deputat Saylixon Muratbayeva nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Sessiya kun tartibidagi birinchi masala — 2026-yilda Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov hisobot berdi.
Hisobotda hududlarni kompleks rivojlantirish, yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish, biznes muhitini yanada yaxshilash, “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish, yashil tamoyil va yondashuvlarni keng joriy etish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, 2026-yil uchun Amudaryo tumani mahalliy budjeti daromadlari va xarajatlari 156 milliard 793 million 126 ming so‘m miqdorida prognoz qilinayotgani qayd etildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25-maqsadi ijrosi, xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, erta turmush va ajrimlarning oldini olish hamda ularni tadbirkorlikka jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova tomonidan taqdim etildi.
Hisobotda joriy yil davomida 6-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 825 nafar xotin-qizlarning 5 801 nafariga, ya’ni 99,9 foiziga amaliy yordamlar ko‘rsatilgani ta’kidlandi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 4 722 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 4 714 nafarining bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 82 nafar xotin-qizdan 72 nafariga 913,5 million so‘m miqdorida kredit ajratildi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan 357 nafar ehtiyojmand xotin-qizga “Ayollar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bundan tashqari, uy-joy ta’miriga muhtoj bo‘lgan 2 nafar xotin-qizning xonadonlari homiylik mablag‘lari asosida ta’mirlandi.
Sessiya davomida davlat tili masalalari bo‘yicha yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ashirbay Kushayev hisobot berdi. Unda tuman hududidagi 49 ta fuqarolar yig‘ini, 125 ta aholi punkti, 73 ta qabriston, 1 ta ziyoratgoh, 1 ta istirohat bog‘i, 2 489 ta ko‘cha, shuningdek, transport, muhandislik-texnika infratuzilmasi hamda tabiiy obyektlarning geografik nomlari davlat reyestriga to‘liq kiritilgani alohida ta’kidlandi.
Sessiya kun tartibidan Amudaryo tuman soliq inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan soliq inspeksiyasi boshlig‘ining hisoboti ham o‘rin oldi. Hisobotda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar bo‘yicha 1 gektar maydon uchun, shuningdek, jismoniy shaxslar uchun (dehqon xo‘jaligi yuritish uchun berilgan yerlar bundan mustasno) 1 kvadrat metr yer maydoni bo‘yicha belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Sessiya davomida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi 120-moddasida belgilangan normalarga muvofiq, xalq deputatlari Kengashiga deputatlar orasidan saylangan rais boshchilik qilishi hamda hokimlarning bir vaqtning o‘zida Kengashga raislik qilishi mumkin emasligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Konstitutsiyaning o‘tish qoidalariga asosan, ushbu tartib 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha tuman va shahar Kengashlariga tatbiq etilishi belgilangan.
Mazkur normalardan kelib chiqib, sessiya mobaynida Amudaryo tuman Kengashi raisi saylovi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 16³-moddasida belgilangan tartibda o‘tkazildi. Siyosiy partiyalar vakillari guruhi tashkil etilib, uning tarkibi deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi. Eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zLiDeP partiyasi vakili Madamin Kazakov siyosiy partiyalar guruhi raisi etib belgilandi.
Maslahatlashuvlar yakunida guruh tomonidan deputat Alisher Yo‘ldashev nomzodi Amudaryo tuman Kengashi raisligiga tavsiya etildi. Nomzod deputatlar tomonidan ma’qullanib, ovoz berish natijalariga ko‘ra Yo‘ldashev Alisher Yalgashevich Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi raisi etib saylandi.
Yangi saylangan Kengash raisi o‘z nutqida hududni har tomonlama rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish mahalliy Kengash faoliyatining ustuvor vazifasi ekanini ta’kidlab, mahalliy ijro hokimiyati bilan hamkorlikda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini bildirdi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shu bilan Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 16-sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









