Aholi farovonligi yo‘lida muhim qadam: Amudaryoda gaz ta’minoti yaxshilanmoqda
2025-12-18 12:00:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda yurtimizda aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, xonadonlarni barqaror issiqlik, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida izchil va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar Amudaryo tumanida ham o‘zining yaqqol samarasini bermoqda.
Xususan, tumanda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash, mavjud infratuzilmani zamon talablariga moslashtirish maqsadida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Amudaryo tumani hududidan o‘tuvchi yuqori bosimli magistral gaz tarmoqlarini yangilash orqali aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, gaz bosimini me’yorlashtirish va uzluksiz ta’minotni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bugungi kunda tumandagi To‘lqin, Toshyop, Bo‘ston ovul va mahallalari hududlaridan o‘tuvchi yuqori bosimli magistral gaz quvurlari bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. Ushbu hududlarda qariyb 9,5 kilometrga yaqin tabiiy gaz quvurlarini yangilash va yangi tarmoqlar tortish ishlari “Urganchtransgaz” unitar korxonasi xodimlari tomonidan yuqori mas’uliyat va fidoyilik bilan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda rekonstruksiya ishlari yakunlanish arafasida bo‘lib, bu esa yaqin fursatlarda minglab xonadonlarda gaz ta’minotining yanada barqarorlashishiga xizmat qiladi. Mazkur loyiha nafaqat texnik jihatdan muhim, balki aholi farovonligini oshirish, qish mavsumida qulay sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Shu munosabat bilan, aholining tabiiy gaz bilan bog‘liq ehtiyojlarini qondirish yo‘lida jonbozlik bilan mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga tuman hokimligi tomonidan bayramlar arafasida minnatdorchilik tariqasida tadbir tashkil etildi. “Diamond” restoranida yozilgan dasturxon atrofida fidokor mehnatkashlar jam bo‘lishdi.
Tadbirda Amudaryo tumani hokimi o‘rinbosarlari Bahodir Ernazarov hamda Nodirbek Kamolovlar ishtirok etib, gaz ta’minoti tizimini yaxshilash yo‘lidagi mehnatlari uchun mutaxassislarga samimiy minnatdorlik bildirdilar. Ularning ta’kidlashicha, aholi manfaatiga qaratilgan bunday tashabbuslar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Tadbir davomida o‘z mehnati va mas’uliyati bilan alohida ajralib turgan bir guruh ishchi-xodimlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bu esa mehnatkashlarga bo‘lgan e’tibor va e’tirofning yorqin ifodasiga aylandi.
Bayramona tadbirga tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yanada fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Samimiy muhitda o‘tgan uchrashuv mehnat jamoasiga yangi kuch va ilhom baxsh etdi.
Aholi farovonligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, kelgusida ham izchil davom etishiga ishonch uyg‘otadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.
