Konstitutsiya bayrami arafasida — Amudaryoda ulkan bunyodkorlik: ta’lim va madaniyatga yangicha nafas
2025-12-06 12:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi Amudaryo tumani hayotida nafaqat bayram, balki taraqqiyot va yangilanish ruhi bilan yodda qoldi. Bayram arafasida tumanda bir qator muhim ijtimoiy obyektlarning foydalanishga topshirilgani xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlarning amaliy natijasini yaqqol namoyon etdi.
Xususan, Do‘stlik mahallasida zamonaviy talablar asosida yangidan qurilgan 58-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Marosimda tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov, tuman prokurori Bahram Masharipov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuratovlar so‘zga chiqib, bu bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasiga berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin isboti ekanini ta’kidladilar.
Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimizning 5246-sonli qarori asosida joriy yilda Amudaryo tumanida 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasini qurish va rekonstruksiya qilish uchun rekord darajada — 24 milliard 902 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ana shu ezgu dastur doirasida “Xiva Qurilish Kompleks” MCHJ tomonidan qiymati 8 milliard 600 million so‘m bo‘lgan, 240 o‘rinli elegant va qulay ikkita qavatli bino bunyod etilib, bugun foydalanishga topshirildi.
Bu nafaqat yangi bog‘cha — balki kelajagimiz egalari uchun bilim, tarbiya va mehr maskanidir. Zamonaviy o‘quv xonalari, o‘yin maydonchalari, sport va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan xonalar — barchasi bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun xizmat qiladi.
Bayram arafasida yana bir muhim obyekt — Oq oltin ovulida yangidan qurilgan Madaniyat markazi ham foydalanishga topshirildi. Mazkur maskan xalqimizning ma’naviy hayotida yangi sahifa ochadi.
Markazning ochilish marosimida tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Ernazarov, tuman prokurori Bahram Masharipov, tuman Madaniyat bo‘limi boshlig‘i Murod Ibragimov, shuningdek, qurilish tashkiloti mas’ullari so’zga chiqib, ushbu bunyodkorlikning tumanning ma’naviy yuksalishiga qo‘shadigan hissasi haqida so‘z yuritdilar.
Prezidentimizning “2025–2027-yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish”ga qaratilgan 454-son qarori asosida barpo etilgan mazkur maskan “MANGIT INVEST MAKSIMUM” MCHJ tomonidan qiymati 2 milliard 700 million so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlari orqali yangicha qiyofa kasb etdi.
Bugungi madaniyat markazlari – xalqning o‘zligini anglash, ma’naviyatni boyitish va yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maktabidir. Ayniqsa, yoshlar uchun to‘garaklar, ijodiy studiyalar, kutubxona va sahna zallari ushbu maskanni hududning madaniy markaziga aylantiradi.
Tumanimizda amalga oshirilayotgan barcha ushbu islohot va loyihalar aslida O‘zbekiston Respublikasining Bosh Qomusi — Konstitutsiyamizda belgilangan eng muhim tamoyillar: inson qadri, farovon hayot, bilimli avlod va kuchli ijtimoiy infratuzilma kabi maqsadlarning real ifodasidir.
Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy davlat konsepsiyasi aynan shunday obyektlar orqali hayotga tatbiq etilmoqda. Bolalar bog‘chalari, madaniyat markazlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar — bularning barchasi fuqarolarimizning munosib turmushiga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning barqaror amaliy davomidir.
Marosimlarda so‘zga chiqqanlar barcha quruvchilar, muhandislar, loyiha mutaxassislari, homiylar hamda tashabbuskor fuqarolarning mehnati yuqori baholanishini alohida ta’kidladilar. Zero, bunday ulkan loyihalar faqat hamjihatlik va maqsad sari birgalikda intilish orqali ro‘yobga chiqadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









