Konstitutsiya — taraqqiyot mezoni, istiqlol poydevori
2025-12-06 10:15:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumani 8-dekabr bosh qomusimiz qabul qilingan sana keng nishonlandi. Tuman Madaniyat uyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir nafaqat bayramona ruhda, balki mamlakatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lidagi islohotlari, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi asosiy hujjat – Bosh qomusimizning o‘rni va ahamiyati xususidagi fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tdi.
Tadbirni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov ochib berdi. U o‘z nutqida u 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan Konstitutsiya nafaqat huquqiy asos, balki davlatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan tarixiy hujjat ekanini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, bugun muhtaram Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida yangi davrni boshlab berdi. Bosh qomusimizda belgilangan har bir qoida — bugungi hayotimizning bosh mezoni
Tuman prokurori Bahram Masharipov o‘z chiqishida Konstitutsiyaning davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi va jamiyat hayotidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. “Konstitutsiya – bu shunchaki rasmiy hujjat emas, balki har bir fuqaroning huquqlarini himoya qiluvchi, jamiyatda adolat va barqarorlikni ta’minlovchi bosh kafolatdir. Davlat siyosatida qonun ustuvorligini ta’minlash aynan shu hujjatda belgilangan tamoyillarga asoslanadi”, — deya ta’kidladi tuman prokurori. Shuningdek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar, yangilangan O‘zbekistonning demokratik tamoyillarga tayangan holda rivojlanayotganini misollar bilan tushuntirib berdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaning hayotiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan “Inson – davlat uchun emas, davlat – inson uchun” tamoyili bugungi amaliyotda o‘z ifodasini topayotgani e’tirof etildi.
Bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan bayram konsert dasturi bilan davom etdi. Vatan, tinchlik, do‘stlik va birdamlikni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Madaniyat bo‘limi ijodkorlari, umidli xonandalar va yosh iste’dodlarning chiqishlari barchaga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.
Konstitutsiya – ertangi barqaror hayotning huquqiy kafolati. 33 yil davomida Bosh qomusimiz O‘zbekistonning davlat qurilishi, siyosiy tizimi, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishning bosh tamoyili bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Bugun Konstitutsiyamiz xalq manfaatlariga xizmat qilayotgan, islohotlar va yangilanishlar poydevorini belgilab berayotgan, har bir fuqaroning munosib hayotini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar majmuasidir.
Bayram tadbiri nafaqat quvonch, balki fuqarolarning Konstitutsiyaga, qonun ustuvorligiga, milliy taraqqiyot yo‘liga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
8-dekabr sanasi - Konstitutsiya kuni – bu umumxalq bayrami, davlatimizning mustaqil yo‘lidagi eng muhim qadamlarni esga soluvchi, har birimizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga undovchi tarixiy sana.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









