To‘lqin ovulida qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti yo‘lida amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi
2025-11-26 11:10:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanining To‘lqin ovuli yana bir bor qishloq xo‘jaligi sohasidagi muhim voqealarga mezbonlik qildi. Bu safargi tadbirlar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish va 2026-yil hosiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, u nafaqat fermerlar, balki butun tuman qishloq xo‘jaligi tizimi uchun dolzarb maktab vazifasini o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev boshchiligidagi ishchi guruh To‘lqin ovulidagi “Amat To‘rayev” fermer xo‘jaligida bo‘lib, bu yerda 2026-yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlarining holati bilan yaqindan tanishdi.
Seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘tkazildi. Unda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ullari, Agroinspeksiya mutaxassislari, O‘simliklar karantini va himoyasi xodimlari, Fermerlar kengashi vakillari hamda fermerlar keng ishtirok etdi.
Mutaxassislar tomonidan ekinlar holati chuqur tahlil qilinib, kuz-qish mavsumida bajarilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Xususan, g‘alla parvarishini texnologik ketma-ketlik asosida olib borish, o‘g‘itlash va sug‘orish rejimlarini to‘g‘ri belgilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning zamonaviy usullarini qo‘llash, tuproq unumdorligini oshirishning ilmiy asoslangan yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Bu ko‘rsatmalar fermerlar uchun yangi mavsumga sifatli tayyorgarlik bo‘lishi bilan birga, hosildorlikning barqaror o‘sishida ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa bog‘dorchilik yo‘nalishidagi o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda qator oralari maydonlaridan samarali foydalanish masalasi kun tartibidan o‘rin oldi. Mutaxassislar to‘qsonbosti ekinlarning turlari, ularni parvarishlash talablari, sug‘orish usullari, tuproqni saqlash texnologiyalari va hosildorlikni oshirish yo‘llari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berishdi.
Seminar davomida bog‘lar kesimida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, qatnashchilarga qator oralari uchun mos ekinlarni tanlash, ularni o‘z vaqtida parvarishlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘tkazilgan ikki yo‘nalishdagi seminarlar — g‘allachilik va bog‘dorchilik — bir maqsadga qaratilgan - fermerlar bilimini boyitish, hosildorlikni oshirish va yer resurslaridan samarali foydalanish. Tadbirlarda bildirilgan fikrlar, berilgan tavsiyalar va o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar 2026-yil hosilini sifatli shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Eng asosiysi, bu jarayonlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, fermer xo‘jaliklarini yangi bilimlar bilan qurollantirish, hududda samarali agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish kabi ustuvor vazifalarga xizmat qiladi.
Charos Arslonova, tuman hokimlgining Axborot xizmati rahbari.









