Amudaryo tumanida mehnat migratsiyasi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
2025-11-25 15:50:00 / Yangiliklar

Amudaryo tuman hokimligida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi” mavzusida keng qamrovli seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Shoxzuz Xakimov, agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari Azamat Achilov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov hamda tumandagi 49 ta mahalla yettiliklari va tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tuman aholisi uchun dolzarb bo‘lgan mehnat migratsiyasi masalalarini o‘rganish, xavfsiz mexanizmlarni yanada mustahkamlash va fuqarolarning xorijdagi huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur seminar jamoatchilik tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatildi.
Seminarda Migratsiya agentligining asosiy yo‘nalishlari batafsil tushuntirildi. Xususan, mehnat migratsiyasi jarayonlarini samarali boshqarish, xorijda ishlayotgan fuqarolarni hisobga olish va ularning holatini monitoring qilish, chet elning nufuzli tashkilotlari bilan vaqtinchalik mehnat faoliyati bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, xorijdagi o‘zbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlash, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish kabi tamoyillar agentlik faoliyatining asosiy poydevorini tashkil qilishi alohida ta’kidlandi.
Bugungi shiddatli davrda migratsiya jarayonlarini qonuniylashtirish, har bir fuqaroning mehnat faoliyatini xavfsiz tashkil etish muhim ahamiyat kasb etayotgani, bu borada davlat tomonidan keng ko‘lamli tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Seminar davomida Migratsiya agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan bandlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks jarayonlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Unga ko‘ra xorijiy mamlakatlarda ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzish, tashqi mehnat migratsiyasiga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolarni aniqlash va ro‘yxatga olish, ularni kasbga va chet tillariga o‘qitish, ish jarayonida monitoring olib borish, fuqarolarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar mehnat bozori talablaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
Bu borada mahalla yettiliklarining faol ishtiroki, xonadonlarga kirib borilayotgani, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar orqali mavjud muammolarni aniqlash ishlari ham yangi tizimning samaradorligini oshirmoqda.
Seminarda taqdim etilgan raqamlar migratsiya sohasida olib borilayotgan ishlarning qamrovi va natijadorligini yaqqol ko‘rsatib berdi.
2025-yilning yanvar–sentabr oylarida Migratsiya agentligi tomonidan 156 ming nafar fuqaroga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan, xorijdagi ish beruvchilar tomonidan 1,8 million AQSH dollari miqdoridagi qarzdorliklar undirilib, fuqarolarga yetkazilgan, 352 nafar vatandoshning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari qaytarib olingan, 46,8 ming nafar fuqaro ijtimoiy yordamlar bilan ta’minlangan hamda 3,7 ming nafar fuqaro moddiy yordam olgan.
Bu natijalar mehnat migratsiyasining tartibga solingan, qonuniy va eng muhimi, xavfsiz bo‘lishi yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil ishlarning amaliy tasdig‘idir.
Seminarda ta’kidlangandek, mehnat migratsiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish — bu nafaqat davlat organlarining vazifasi, balki mahalla yettiliklaridan tortib, har bir mas’ul tashkilotning hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini talab etadi.
Amudaryoda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv ham xalq va davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqotning yanada kuchayishiga, fuqarolarning xorijdagi mehnat faoliyatini qonuniy asosda tashkil etishiga xizmat qiladi. Seminarda bildirilgan fikr va takliflar esa mehnat migratsiyasining yanada xavfsiz, tartibli va tizimli bo‘lishiga mustahkam zamin yaratadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.




