Davlat ramzlariga ehtirom — muqaddas qadriyat
2025-11-19 12:20:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida 18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan yuqori bayramona ruhda bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir tuman Madaniyat bo‘limida bo‘lib o‘tdi va unda davlat ramzlariga bo‘lgan chuqur hurmat, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari bosh mavzuga aylandi.
Tadbir avvalida Amudaryo tumani prokurori Bahram Masharipov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni mamlakatimiz suvereniteti va davlat ramzlari sharafini ulug‘laydigan ushbu sana bilan samimiy muborakbod etishdi.
“Davlat bayrog‘i — xalqning sha’ni, davlatning obro‘si” – deya ta’kidladi so‘zga chiqqan tuman prokurori Bahram Masharipov o‘z nutqida. Shuningdek, davlat ramzlarining nafaqat huquqiy, balki ma’naviy hayotimizdagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi. U davlat bayrog‘i mamlakat mustaqilligining eng muhim belgilardan biri ekani, uning 1991-yil 18-noyabrda rasmiy ravishda qabul qilingani tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston bayrog‘i bugun jahon arenalarida faxr bilan hilpiramoqda, xalqaro sport musobaqalarida sportchilarimiz yutuqlari sharofati bilan bayrog‘imiz eng baland cho‘qqilarda ko‘tarilmoqda, bayrog‘imizning nufuzli marosimlar, sammit va xalqaro uchrashuvlarda baralla namoyon bo‘lishi xalqimizning sha’ni va obro‘sini dunyoga ko‘rsatmoqda. Davlat ramzlariga hurmat — bu, avvalo, Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va fuqarolik mas’uliyatining yorqin ifodasidir.
Tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov o‘z so‘zida davlat bayrog‘ining xalqimiz uchun ulkan g‘urur va faxr timsoli ekanini qayd etdi. U davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘lgani munosabati bilan barcha hamyurtlarimizni samimiy tabrikladi.
Hokim o‘rinbosari o‘z nutqida bayroqdagi ranglar va ramzlarning ma’nosi — tinchlik, poklik, umid, jasorat va umumbashariy qadriyatlarni ifoda etishi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bayrog‘imizni e’zozlash, uni hurmat qilish va yosh avlodga shu qadriyatni singdirish barchamizning muqaddas burchimiz ekanini ta’kidladi.
Tadbir tuman Madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan bayramona konsert dasturi bilan davom etdi. Xonandalar tomonidan Vatan muhabbati, do‘stlik, tinchlik va birlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
18-noyabr — Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana nafaqat tarixiy kun, balki avlod-avlodga o‘tadigan milliy qadriyat, suverenitetimiz ramzi, mustaqilligimizning yorqin ifodasidir. Amudaryo tumanida o‘tkazilgan bayram tadbiri ham bu kunning naqadar ulug‘ va ahamiyatli ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, davlat ramzlariga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









