Prezident qarorlarining mazmun-mohiyati aholiga yetkazildi
2025-11-12 10:40:00 / Yangiliklar

Amudaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan Prezident qarorlarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida tashkil etilib, unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari mahalla yettiligi a’zolari, nuroniylar, ko‘cha boshilari, faol yoshlar, xotin-qizlar faollari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tumandagi barcha tashkilot va muassasa rahbarlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir 322-332-333-334-sonli qarorlarning mazmuni, ular orqali yaratilayotgan yangi imkoniyatlari, mahalliy darajada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ochib berdi. Tuman hokimi o‘z so‘zida muhtaram Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi tub islohotlar respublika aholisining farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash hamda yoshlar uchun zamonaviy imkoniyatlar eshigini ochishda muhim qadam bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Fahriddin Yusupov har bir qaror mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31-oktabr kungi “Aholini oziq-ovqat maxsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 322-sonli qarori Respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, go‘sht, sut, tuxum, baliq, o‘simlik yog‘i va kartoshka bilan kafolatli ta’minlash, chorvachilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini tubdan yaxshilash, ularning faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va narxlar barqarorligini saqlash kabi ustuvor maqsadlarga xizmat qilishi xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va aholi bandligini oshirishda Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 3-noyabrida qabul qilingan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tuzni qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 333-sonli qarori muhim ahamiyatga ega.
Qaror asosida “Kungrad Solt Fri Zoun” nomli sanoat zonasi tashkil etiladi. Dastlab 50 gektar yerda loyihalar amalga oshiriladi va keyin zaruratga qarab hudud 200 gektargacha kengaytirilishi mumkin. Bu yerda kamida 50 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etiladi, keyinchalik 200 milliongacha miqdorda investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Investorlar uchun yer maydonlari, soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. “Yagona darcha” tartibi orqali ruxsatnomalarni olish soddalashtiriladi.
Qolaversa, 2025 yil 3-noyabr kuni imzolangan 332-sonli Prezident qarori orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida katta loyiha boshlanadi. Bu loyiha yordamida yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yoshlarga katta imkoniyat eshiklari ochish maqsadi turibdi. Xo‘jayli tumani Somonko‘l mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 152 ga yerni egallagan “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi” qurilishiga start beriladi. Markazga 2026-2030 yillarda investor tomonidan 400 mln. dollar investitsiya kiritish orqali markaz xududiga IT universiteti, startaplar texnoparki va ularni qo‘llab-quvatlash innovatsion guruhlar, loyiha ofislari, uy-joylar, ijtimoiy soha hamda madaniy-ma’rifiy obyektlar, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, 3-noyabr kuni imzolangan yani bir muhim qaror “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xo‘jaliklarning oziq-ovqat bazasini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligidagi mavjud resurslardan samarali foydalanish choralari to‘g‘risida”gi 334-sonli qarori bilan xo‘jaliklarga bir qator imkoniyatlar va imtiyozlar berildi. Xususan, hududdagi texnika va agregatlar sonini 2 baravar oshirish orqali xo‘jaliklarning yem-xashak bazasini mustahkamlash vazifasi belgilab berildi.
Tadbir yakunida qarorlarda belgilangan vazifalarni joylarda samarali amalga oshirish, ularni hayotga tatbiq etishda mahallalar, jamoatchilik va mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.
Bunday yig‘ilishlar aholining davlat siyosati mazmunini chuqur anglab yetishi, amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri tushunishiga xizmat qilmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.









