Korrupsiyaga qarshi kurashish — ochiqlik va halollik sari muhim qadam
2026-07-16 18:00:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi hamda Agrar sohada to‘lovlar agentligi ishtirokida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish hamda bu borada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar ijrosi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlarning huquqiy ongi va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tizimda shaffoflik va hisobdorlikni yanada kuchaytirish, murojaatlarni tezkor qabul qilish hamda korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi o‘z faoliyatida qonuniylik, ochiqlik, halollik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish hamda tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettiradi.


