Hududlarda yerdan samarali foydalanish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda
2025-04-04 16:45:00 / Yangiliklar

Bugungi seminar Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi “Nishon ko‘zgu” fermer xo‘jaligida o‘tkazildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari, Fermerlar kengashi a’zolari, bog‘-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tuman O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi mutaxassislari ishtirok etdi.
“Nishon ko‘zgu” fermer xo‘jaligiga qarashli 5 gektar maydondagi uzumzorda qator oralaridan samarali foydalanish maqsadida pomidor ekilgan. Fermerning ta’kidlashicha, pomidor hosili uzum yetilgunga qadar terib olinib, bozorlarga chiqariladi. Ushbu usul ekinlarning o‘sishiga xalal bermasdan, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Seminarda mutaxassis va olimlar bahorgi ekinlarni ekish, mevali daraxtlarga ishlov berish hamda bog‘-tok qator oralaridan unumli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdilar. Shuningdek, tumanda yangi intensiv bog‘larni tashkil etish jarayonida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Seminar yakunida bahorgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.