Angor tumanida bog‘-tok qator orasidan samarali foydalanishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
2025-04-04 16:40:00 / Yangiliklar

Seminarda qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov, qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ul mutasaddi tashkilotlar vakillari, yetakchi mutaxassislar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida bog‘-tok qator oralaridan unumli foydalanish, bahorgi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda qator oralig‘iga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishning samarali usullari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan ushbu texnologiyalar bog‘ va tokzorlarning hosildorligini oshirish, suv va yer resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish hamda mahsulot yetishtirish xarajatlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov soha vakillariga yetishtirilgan mahsulotlarni ichki bozor va eksportga yo‘naltirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash, fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berdi.
Mazkur seminar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish hamda fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.