Yarovizatsiyalangan urug‘ ekish amaliyotini har bir hududda joriy etish — hosil sifati hamda samaradorligining kafolati
2024-11-19 13:15:00 / Yangiliklar
Vazir tashrif davomida Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasida "Yarovizatsiya" usulida ekilgan g‘allani ko‘zdan kechirdi.
Stansiyada "Yarovizatsiya" usulidan foydalanib, ekinlar rivojlanishini tezlashtirishga yo‘naltirilgan tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu usul urug‘larni maxsus sharoitlarda tayyorlab, ularning tez o‘sishini va hosildorligini oshirishni ta’minlaydi. Bu jarayon, ayniqsa, kuzgi va bahorgi ekinlar uchun ahamiyatli bo‘lib, navlarning sifatli urug‘liklarini yetishtirishga xizmat qiladi.
Tajriba stansiyasi dalasiga 2025-yil hosili uchun yangi innovatsion usuldagi "Yarovizatsiya" qilingan, +1, -4 gradusgacha bo‘lgan temperaturada muzlatkichda, ikki xil sharoitda saqlangan “Asr” elita navi olib kelinib, 4-oktyabr sanasida 2,6 gektarli maydon tayyorlanib, shundan 1,3 gektariga yarovizatsiya qilingan urug‘dan 260 kg, qolgan 1,3 gektariga an’anaviy usulda saralangan bug‘doy urug‘idan 260 kg ekilgan.
Yarovizatsiyalangan urug‘ ekilgan maydonda 5,5 million tup, oddiy urug‘ ekilgan qismida esa, 4,9-5,0 mln tup ko‘chat unib chiqqan va ko‘chatlar tajribada ancha tez rivojlanyapti. Bunda urug‘ning unuvchanligi 15% gacha yaxshilangan.
Tajriba davomida har ikki maydondagi o‘simliklarning vegetatsiya jarayoni ustidan muntazam ravishda kuzatuv olib borilgan. Yarovizatsiya qilingan urug‘lar bilan ekilgan maydonda o‘sish suratlari tezroq bo‘lib, ko‘chatlar sifat jihatidan ancha yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. Hosildorlik va sifat ko'rsatkichlari, jumladan, donning massasi, tozaligi, protein miqdori hamda ekologik bardoshlilik jihatlari o‘rganiladi.
Bu tadqiqot "Yarovizatsiya" usulining samaradorligini aniqlashga hamda uni keng miqyosda qo‘llash imkoniyatini baholashga yordam beradi.