Kutilmagan holatlar ta’lim jarayoniga ta’sir qilmasligi darkor
2024-10-02 14:00:00 / Yangiliklar
Yong‘indan zarar ko‘rgan o‘quv binosida shu kungacha ta’lim olib kelgan talabalarning bir guruhi universitet ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda yaratilgan boshqa o‘quv binolarida bugundan tahsilni davom ettirmoqda. Bir guruh talabalar universitet hududiga yaqin manzil – Toshkent pediatriya va tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey binosida o‘qishni davom ettirayotgan bo‘lsa, yana bir guruhiga Yunusobod tumanidagi Toshkent kreativ texnologiyalar markazida o‘qishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu ikki lokatsiyada aynan yong‘indan zarar ko‘rgan binoda shu kungacha tahsil olgan talabalargina o‘qishni davom ettirmoqda.
Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mazkur akademik litsey va markazda talabalar uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirib, o‘qituvchi va talabalar bilan suhbatlashdi. Dars jarayonlari va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishuv chog‘ida vazir Ibrohim Abdurahmonov hademay sovuq kunlar boshlanishi, shu bois ushbu maskanlarda isitish tizimini ham ko‘zdan kechirib, mavsumga shay holatga keltirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Universitet rahbariyati va mutasaddilar bilan suhbat jarayonida vazir Ibrohim Abdurahmonov ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratish lozimligini, buning uchun esa talabalarga barcha sharoitlarni ko‘ngildagidek yaratib berish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek akademik litsey va markaz joylashgan hudud atrofida jamoat ovqatlanish joylari yo‘qligi bois, bu yerda tahsil olayotgan talabalarni tushlik ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha ham mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Universitet rahbariyatining ma’lumotiga ko‘ra, yangi manzillarda tashkil etilgan auditoriyalarga qatnashda talabalarning xavfsizligini hamda ularning darslardagi davomatini ta’minlash maqsadida universitet yotoqxonasidan Toshkent kreativ texnologiyalar markazigacha avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu avtobuslar har kuni talabalarni yotoqxonadan markazgacha olib boradi va darslar tugagandan keyin yotoqxonaga olib kelib qo‘yadi.