Chegaradosh hududlarda amalga oshirilgan agroloyihalar sarhisob qilindi
2024-05-30 17:00:00 / Yangiliklar
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mutasaddi xodimlari, diplomatik korpus vakillari va xalqaro ekspertlar, shuningdek, ikki qo‘shni davlatning chegaradosh hududlarida yashovchi 100 dan ortiq faollar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan amalga oshirilayotgan “Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida hamkorlik orqali umumiy farovonlik” loyihasi 2022 yil iyun oyida boshlangan edi.
Mazkur loyiha BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilib, Farg‘ona vodiysi orqali o‘tuvchi chegaraning har ikki tomonida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Shu maqsadda loyiha qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlarida ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, loyiha doirasida Qirg‘izistonning Jalolobod va O‘sh viloyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning Namangan va Andijon viloyatlaridagi bir qator qishloqlar ham qamrab olindi.
Ushbu loyihaning erishilgan asosiy yutuqlaridan biri 700 dan ortiq kishini birlashtirgan 66 ta o‘z-o‘ziga yordam guruhlarining (O‘YoG) tashkil etilgani bo‘ldi. E’tiborlisi, bu guruh ishtirokchilarining 90 foizi ayollardan iboratdir.
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda loyiha hududlaridagi mahalliy jamoalar, shuningdek, o‘z-o‘ziga yordam guruhlari iqlimga mos qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va targ‘ib qilishda davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tashabbuslari esa g‘oyadan to‘liq qiymat zanjirini o‘z ichiga olgan barqaror biznes loyihalariga aylanmoqda.
Ekish, sug‘orish va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan mahalliy aholi hosildorlikni o‘rtacha 20 foizga va shu orqali daromadlarini oshirishga erishmoqda. Bunda esa loyiha doirasida aholiga taqdim etilgan qishloq xo‘jaligi resurslari va uskunalari: issiqxonalar, motokultivatorlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari ham muhim ahamiyat kasb etdi.