Adliya vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi yuzasidan seminar tashkil etildi.
2025-03-05 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Adliya vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi QL-51-sonli O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi yuzasidan seminar tashkil etildi.
Tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov so‘zga chiqib, mazkur qonun loyihasining dolzarbligini, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shadigan hissasini, ijodiy faoliyat ko‘rsatuvchi shaxslar, tadbirkorlik subyektlari va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim rolini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, adliya vaziri o‘rinbosari yurtimizda tadbirkorlik faoliyatining kengayishi bilan birga intellektual mulk huquqlarini buzish holatlarining soni ortib borayotganligiga hamda amaldagi intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari Jahon savdo tashkilotining TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirish ustuvor vazifalardan biri ekanligiga alohida urg‘u berdi.
Tadbirda deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish agentligi va Savdo-sanoat palatasi vakillari mazkur qonun loyihasi qabul qilinishining muhimligi va dolzarbligiga to‘xtalib, loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalari bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi bilan intellektual mulk egalarining huquqlarini (tovar belgisi, ixtirolar, dasturiy ta’minot, sanoat namunasi va boshqa huquqlar) buzganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda, intellektual mulk egalariga kontrafakt mahsulotlar yo‘q qilishni talab etish huquqi berilmoqda, shuningdek, amaldagi ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.