Adliya vazirligida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinma rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2025-02-26 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 26-fevral kuni adliya vaziri oʻrinbosari Muzraf Ikramov BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinma rahbari Matilda Bogner bilan uchrashdi.
Uchrashuvda adliya vaziri oʻrinbosari mehmonlarga soʻngi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda ushbu islohotlarda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasining oʻrni haqida gapirib oʻtdi.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining universal davriy hisoboti doirasida Oʻzbekiston Respublikasining davriy hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha tavsiyalari muhokama qilindi.
Ushbu davriy hisobot doirasida Oʻzbekistonda erishilgan yutuqlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlari, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza takomillashtirilganligi natijasida bugungi kunga kelib inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qilish, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar BMTning tegishli qoʻmitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdilar.