Toshkentda yana bitta davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2025-02-14 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 14-fevral kuni poytaxtning Shayxontohur tumanida yangi davlat xizmatlari markazining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda adliya vaziri Akbar Toshqulov ishtirok etdi.
Markazga tashrif buyuruvchilar endilikda zamonaviy sharoitlarda 410 dan ortiq davlat xizmatlaridan bir kunda 1500 nafarga yaqin fuqaro foydalanishi mumkin. Bu esa aholiga vaqt va resurslarini tejash imkonini beradi.
Bino milliy va zamonaviy meʼmorchilik anʼanalarining uygʻunligida qurildi. Fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilgan boʻlib, bu yerda bolalar maydonchasi, ovqatlanish burchagi (kafe), Wi-Fi zonasi tashkil etilgan, shuningdek, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish uchun zamonaviy kiosklar oʻrnatilgan.
Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazi bilan birga tumandagi barcha adliya organlari — adliya boʻlimi, FHDY boʻlimi, yuridik xizmat koʻrsatish markazi ham bir joyda joylashgani aholi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Bino ham davlat-xususiy sheriklik asosida investor “MEGACITY INVEST” MCHJ mablagʻlariga barpo etildi.
Maʼlumot uchun: Soʻnggi yetti yil davomida Oʻzbekistonda davlat xizmatlari markazlarining 200 ta binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Ularning 85 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan.
Har kuni davlat xizmatlari markazi orqali 100 mingdan ortiq fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalanadi. 2024-yilda aholiga jami 13 millionga yaqin xizmatlar koʻrsatildi.