Adliya vazirligining 2024-yil faoliyati sarhisob qilindi
2025-02-11 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yil 11-fevral kuni Adliya vazirligining hayʼat majlisi video-konferens-aloqa formatida oʻtkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Hayʼat majlisida 2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Yigʻilishda norma ijodkorligi, huquqiy va davlat xizmatlari koʻrsatish, murojaatlar bilan ishlash, ochiqlik siyosati va boshqa sohalar kesimida tahliliy maʼlumotlar keltirildi.
Xususan, 2024-yilda 2 093 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, vazirlik tashabbusi bilan 286 ta loyiha ishlab chiqilgan.
Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan 70 dan ortiq yangi turdagi xizmatlar joriy qilinib, ularning jami soni 409 taga yetkazildi, 144 ta xizmat soddalashtirildi. 13 ta litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
Biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda uni tashkil etishda yengillik yaratish maqsadida 3 oygacha “oʻtish va moslashish davri”ni belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” (Zero Licensing) maxsus rejimi eksperiment tariqasida joriy etildi.
“Adliya mahalla” va “Onlayn mahalla” platformasi orqali aholining 203 mingdan ortiq huquqiy muammolari qabul qilinib, shundan 176 mingdan ortigʻi, yoki 87 foizi, hal etildi.
336 ming nafar fuqaroga birlamchi bepul huquqiy yordam koʻrsatilib, 10 mingdan ortiq protsessual hujjat loyihalari tayyorlab berildi.
Joylarda 420 mingdan ziyod huquqiy targʻibot tadbiri oʻtkazildi.
Huquqiy axborotni yetkazish raqamlashtirilib, barcha qonunchilik hujjatlarini Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarga, mahallalarga yetkazish yoʻlga qoʻyildi.
Kelib tushgan 270 mingta murojaatning 88 foizi qonuniy hal etildi.
Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan 21 mingdan ortiq davlat tashkilotining 8,4 mlndan ziyod hujjat loyihasiga, 2023-yilga nisbatan 1,2 mlntaga, yoki 15 foizga, koʻp huquqiy xulosa berildi.
10 turdagi notarial harakatlarni video-konferens-aloqa orqali rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyilib, 74 mingdan ortiq notarial harakat onlayn amalga oshirildi.
21 573 ta intellektual mulk obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, roʻyxatga olingan tovar belgilari, ixtiro, foydali model va seleksiya yutuqlari boʻyicha alohida reyting shakllantirilib, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi. Oʻzbekiston 24-yildan soʻng AQSH Savdo vakilligining “Kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarildi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasi takomillashtirilib, markazning hududiy boʻlimlarida qoʻshimcha 12 ta yangi ekspertiza turlari yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, sohadagi muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qatʼiyatsizligi va huquqni qoʻllash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvdagi kamchiliklar mavjudligi taʼkidlanib, ularning bartaraf qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Yigʻilish yakunida adliya vaziri tomonidan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati