Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish tartibi belgilandi
2025-02-10 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish uslubiyoti (roʻyxat raqami 3605, 2025 yil 7-fevral) davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Ushbu nizom bilan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solish tartibi belgilandi.
Unga koʻra, tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi qonun hujjatlarining ijrosi ular kuchga kirgandan soʻng besh yil davomida, qonunosti hujjatlarining ijrosi esa ular kuchga kirgandan soʻng uch yil davomida majburiy ravishda har yili monitoringdan oʻtkaziladi.
Monitoring normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi oʻtkazilishiga bevosita masʼul etib belgilangan davlat organi tomonidan, masʼul organ belgilanmagan hollarda tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishda monitoring rejasi tayyorlanadi hamda u normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan koʻzlangan maqsadlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi va tegishli indikatorlar orqali oʻlchanadi.
Monitoring tegishli maʼlumotlarni yigʻish hamda monitoring natijalari boʻyicha hisobotni toʻldirish orqali amalga oshiriladi.
Monitoring natijalari quyidagicha baholanadi:
▫️86 – 100 foiz — yaxshi natija (tartibga solish maqsadlariga yuqori darajada erishilgan);
▫️71 – 85 foiz — qoniqarli natija (tartibga solish maqsadlariga sezilarli darajada erishilgan);
▫️1 – 70 foiz — qoniqarsiz natija (tartibga solish maqsadlariga lozim darajada erishilmagan).
Vazirlik va idoralar har yili 1-fevralga qadar oʻtkazilgan monitoring natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ravishda oʻzlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi hamda tegishliligiga qarab “Ijro.gov.uz” va Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimlari orqali Adliya vazirligiga taqdim etadi.