Aholining huquqiy muammolari oʻrganilmoqda
2025-01-28 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari
“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida Sirdaryo tumani “Oqibat” mahallasida vazir kotibiyati boshligʻi A.Sarabekov rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan aholining huquqiy muammolari oʻrganildi.
Tashkil qilingan sayyor qabulda 120 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, shundan 38 nafarining murojaati joyida hal etildi, 20 dan ziyod murojaat ish yurituviga qabul qilindi, 60 nafariga tushuntirish va huquqiy hujjat loyihasi tayyorlab berildi.
Tadbirda FHDY, “Madad”, notarius, advokat, tijorat banklari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilinib, aholining kundalik hayotidagi muammoli masalalari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, gaz va elektr taʼminoti korxonalari tomonidan sohadagi yangiliklar targʻib qilindi.
Aholi bandligiga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida 10 nafar fuqaroga doimiy ishlash uchun “Inter Milk” MCHJga yoʻllanma berildi, 5 nafar fuqaro “Guliston Ishga Marhamat” monomarkaziga oʻqish uchun yuboriladigan boʻldi. Aholiga 50 turdan ziyod davlat xizmat koʻrsatildi.
Shu bilan birga, tashkil qilingan tibbiy koʻrikda 320 nafar fuqaroning salomatligi nazoratdan oʻtkazilib, ambulator va statsionar davolanish uchun yoʻllanmalar berildi. Tibbiy koʻrik davomida 199 nafar fuqaro sil kasalligi boʻyicha rentgen, EKG, UZI tekshiruvidan oʻtkazildi.
Bundan tashqari, ishchi guruhi tomonidan aholining huquqiy muammolari uyma-uy yurib oʻrganildi hamda “Oqibat”mahallasi yettiligi bilan qonunchilikdagi yangiliklar, ularning faoliyatiga metodik yordam koʻrsatish masalalarida suhbat oʻtkazildi.